AsosiySport

O`zbekistonning 16 shahrida Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi o`tkaziladi

'O`zbekistonning 16 shahrida Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi o`tkaziladi'ning rasmi

23 iyun kuni O`zbekistonning 16 shahrida Xalqaro Olimpiya kuni, Bolalarni himoya qilish kuni va Yoshlar kunini nishonlashga bag`ishlangan Yangi Nafas an`anaviy ommaviy yugurish musobaqasi bo`lib o`tadi. Ushbu kuni Toshkentda oliy harbiy o`quv muassasalari bitiruvchilari ishtirokida Vatan Qalqoni harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi o`tkaziladi.

30 iyun kuni nishonlanadigan Yoshlar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilgan bo`lib, mamlakatimiz yosh avlodi uchun muhim voqea bo`ldi. Iyun oyida bo`lib o`tadigan Yoshlar oyligi doirasida ko`plab festivallar, forumlar, ko`rik-tanlovlar va musobaqalar o`tkazilmoqda. Yangi nafas respublika ommaviy yugurish musobaqalari bu yil ham uch yil avval boshlangan an`anani davom ettirgan holda bayram dasturiga kiritilgan va yoshlar o`rtasida tobora ommalashib bormoqda.

Yangi nafas loyihasi 2020 yildan boshlab nafaqat O`zbekiston, balki qo`shni davlatlarni ham qamrab olgan keng ko`lamli sport harakatiga aylandi. O`tgan yillar davomida 750 mingdan ziyod kishi unda faol ishtirok etib, sog`lom va faol turmush tarzini targ`ib etish orqali ommaviy yugurish musobaqalarini sport bayramiga aylantirdi. 

Ushbu yili Yangi nafas va Vatan qalqoni ommaviy yugurish musobaqalarida maktab o`quvchilari, talabalar, sayyohlar, tadbirkorlik va davlat tuzilmalari vakillari, harbiy xizmatchilar, jamoat arboblaridan iborat 60 mingga yaqin kishi ishtirok etadi. An`anaviy ommaviy yugurish musobaqasi masofasi 3 km bo`lib, Andijon, Namangan, Farg`ona, Nurafshon, Navoiy, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Qarshi, Buxoro, Qorovulbozor, G`uzor, Urganch va Nukus shaharlarining markaziy ko`chalari bo`ylab o`tadi. Toshkentda poyga starti “Yangi O`zbekiston” bog`ida beriladi. Barcha ommaviy yugurish musobaqalari bir vaqtning o`zida ertalab soat 7 da boshlanadi.

Har bir shaharda ommaviy yugurish musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Engil atletika federasiyasi tomonidan tayyorlangan malakali hakamlar, murabbiylar va ko`ngillilar tadbirga jalb etiladi.

2024 yilda Parijda bo`lib o`tadigan Olimpiya o`yinlari arafasida Xalqaro Olimpiya kunini nishonlash alohida ahamiyat kasb etadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar