Milliy tiklanish demokratik partiyasining rahbari Alisher Qodirov jamiyatdagi otalarning obro`sining oyoqosti qilinayotganiga fikr bildirdi. Bu haqda u o`zining telegramdagi kanalida post qoldirgan.
”Otalar tog` bo`lardi. Bugun zo`ravon, nomussiz, alimentdan qochib yuradigan, xotinboz va hokazo… Nafaqat oilada, butun jamiyatda erkakni, ya`ni amaldagi yoki bo`lajak otalar ohorini to`kib, nomini oyoqosti qilib yubormayapmizmi? Buning oqibati nima bo`ladi?
Bog`cha va maktabni erkak tarbiyachi va o`qituvchilar tashlab ketganiga ancha bo`ldi. So`nggi yillarda erkaklar oiladan ham siqib chiqarilayotgandek… Millat taqdiri quriladigan bu maskanlar rad etilayotgan otalikning achchiq mevalari — asabiy ayollarning e`tirozlari bilan bo`g`ilmayaptimi? Nega onalar, tarbiyachi va o`qituvchi ayollar bu qadar asabiy”, degan Qodirov.
Deputatning fikricha, ahmoq hamma millatda topiladi. ”Ikkita zo`ravon, tarbiyasizni bosh sahnaga chiqarib, o`zbek erkaklari hammasi zo`ravon, ayolini xor qiladi degan qarashlarni yoshlarimizga singdirilishini oqibati nima bo`ladi“, deydi u.
Shuningdek, Qodirov kelayotgan saylov dasturida ”Milliy Tiklanish”partiyasi farzand ko`rgan ayollarga tarbiya treninglarida ishtirok etish sharti bilan 3 yilgacha haq to`lanadigan onalik ta`tili berish taklifi ustida ishlayotganini ham ma`lum qilgan.
”Ota, erkak — jamiyat sha`ni shavkatini himoyachisi! Mukarram va hikmatli onalar bu himoyachilarni tarbiyalovchilardir! Agar onalar shavkatli farzandlar uchun halovatidan kechmasa, otasini tanimaydigan farzandlar nafaqat onasi, balki butun jamiyatni nafsiga qurbon qiladi“, deydi Alisher Qodirov.
Deputat ”Otalar kuni“ (18 iyun) jiddiy siyosiy-ijtimoiy kun sifatida ommalashtirilishi zarurligini ham ta`kidlamoqda.