AsosiySport

O`zbekiston MTJ FIFA reytingida yana 2 pog`ona ko`tarildi

'O`zbekiston MTJ FIFA reytingida yana 2 pog`ona ko`tarildi'ning rasmi

FIFA rasmiy sayti iyun oyi yakunlariga ko`ra, milliy jamoalarning yangi reytingini e`lon qildi. 

Unga ko`ra, O`zbekiston jamoasi ikki pog`onaga yuqorilagan. Srechko Katanes shogirdlari 2023 yilni 68-o`rinda yakunlagan bo`lsa, Qatarda o`tgan Osiyo kubogidan keyin 66-o`ringa ko`tarilgandi. Mart oyidagi FIFA kunlari doirasida Hongkongga qarshi JCh-2026 2-saralash bosqichidagi g`alabalardan keyin (2:0, 3:0) O`zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqichi va Osiyo kubogi-2027ga yo`llanmasiga ega chiqib, reytingda 64-o`ringa yuqorilagandi. JCh-2026 2-saralashi doirasidagi Turkmaniston (3:1) va Eron (0:0) bilan o`yinlardan keyin vakillarimiz yana ikki pog`ona yuqorilab, 62-o`rindan joy oldi.

Qayd etish joiz, O`zbekistonning 2016 yildan keyingi eng yaxshi natijasi 48-o`rin (oktyabr oyi) sanalsa-da, Samvel Babayan murabbiyligidagi milliy jamoamiz 2016 yilni FIFA reytingida 62-o`rinda yakunlagandi.

FIFA reytingida Argentina milliy jamoasi 1-o`rinda bormoqda, Fransiya 2-o`rin, 3-o`rindan Belgiya joy olgan. Braziliya 4-o`ringa ko`tarilib, Angliyani 5-o`ringa tushirdi. Portugaliya (6), Niderlandiya (7), Ispaniya (8), Xorvatiya (9) va Italiya (10) o`nlikdan joy olgan.

Osiyo jamoalari top-10lik orasida esa vakillarimiz 8-o`rindan joy olgan. Yaponiya qit`ada peshqadam sanaladi – 17-o`rin, Eron (20) va Janubiy Koreya (22) uchlikda. Avstraliya (23), Qatar (35), Iroq (55), Saudiya Arabistoni (56), O`zbekiston (62), Iordaniya (68) va BAA (69) va joy olgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar