AsosiyJamiyat

Deputat yoki senator odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun bir qator choralar belgilanmoqda

'Deputat yoki senator odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun bir qator choralar belgilanmoqda'ning rasmi

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Senatorlar ta`kidlagandek, ushbu Qonun bilan jamiyat uchun muhim bo`lgan va to`g`ridan-to`g`ri ishlaydigan qonunlar qabul qilinishida hamda jamiyatning rivojlanishiga qaratilgan muhim masalalar echimida deputat va senatorlarning mas`uliyatini yanada oshirishga qaratilgan o`zgarishlar kiritilmoqda. Jumladan, «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a`zosining maqomi to`g`risida»gi Qonunda deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari kuchaytirilmoqda.

Kiritilayotgan  o`zgartirishlarga muvofiq:

deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq to`lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug`ullanishga yo`l qo`yilmasligi to`g`risida ogohlantirish olganidan keyin haq to`lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug`ullangan taqdirda;

tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o`zi tarkibiga saylangan qo`mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida o`ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;

chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;

partiya ro`yxati asosida saylangan deputat o`zini deputatlikka nomzod etib ko`rsatgan siyosiy partiya a`zoligidan chiqqan taqdirda deputat yoki senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish uchun asos bo`lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, deputat yoki senator tomonidan o`z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun bir qator choralar belgilanmoqda. Xususan, ogohlantirish, tegishli majlislarida uzr so`rashni talab qilish, yo`l qo`yilganligi faktini palata majlisida o`qib eshittirish, ish haqidan ushlab qolish va deputat yoki senator vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi choralar qo`llanishi belgilanmoqda.

Senatorlar ta`kidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi siyosiy partiyalar faoliyatini qo`llab-quvvatlashga hamda mustahkamlashga, deputatlar va senatorlarning o`z vazifalarini bajarishda, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishda, shuningdek, ularning daxlsizlik huquqini to`liq ta`minlashda shaxsiy mas`uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar