AsosiyDunyo

Eronda 28 iyun kuni muddatidan oldin prezident saylovlari o`tkaziladi.

'Eronda 28 iyun kuni muddatidan oldin prezident saylovlari o`tkaziladi.'ning rasmi

Eronda 28 iyun kuni muddatidan oldin prezident saylovlari o`tkaziladi. Mamlakatning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy shu yilning 19 may kuni aviahalokatga uchraganidan so`ng muddatidan oldin saylovlar o`tkazishga qaror qilingan edi. 

Jumladan, 30 maydan 3 iyunga qadar nomzodlar ro`yxatga olindi. 12 iyunda esa saylovoldi targ`ibot kampaniyasiga start berildi. Kampaniya saylovdan bir kun oldin, ya`ni 27 iyun kuni ertalab to`xtatiladi.  Agar 28 iyunda qat`iy natija olinmasa, 5 iyul kuni saylovlarning ikkinchi turi ham o`tkazilishi mumkin.

Siyosatga qiziqish kuchli

Eron xalqi mamlakat ichki va tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizliklarni yaxshi idrok qiladi. Buning sababchilarini ham deyarli aniq biladi. Ayniqsa iqtisodiy ahvolning yomonlashib borayotgani va inson huquqlari bilan bog`liq muammolar siyosiy islohotlarga intiqlikni kuchaytirmoqda. 

Ayniqsa 2022 yil 16 sentyabrda yosh Maxsa Aminiyning polisiya idorasida sirli ravishda vafot etgani eronliklarni junbushga keltirdi. Namoyishlar va tartibsizliklarga sabab bo`ldi. Fuqarolar urushi boshlanib ketishiga sal qoldi. 

Qolaversa, Eron yadroviy dasturi ortidan kelib chiqqan xalqaro ihotalanish va sanksiyalar milliy iqtisodiyotni og`irlashtirib yuborgan. Jumladan, Xususan, 2024 yilda inflyasiya o`tgan yildagiga nisbatan 40,8 foizga oshgan.

Prezidentlikka nomzodlar

Eronda saylovlarda qatnashuvchi nomzodlarni ro`yxatga olish jarayoni 5 kun davom etib, 80 ga yaqin nomzod ro`yxatga olindi. Hatto 4 nafar ayol - Eron parlamentining sobiq deputatlari Zuhra Ilohiyon, Sayyida Hamida Zarabodiy, Hojar Chinoroniy va Rafat Bayyat ham ro`yxatga olindi. Keyinchalik Zuhra Ilohiyon arizasini qaytarib oldi.

Islom inqilobi qo`riqchilarining maxsus guruhi ro`yxatga olingan nomzodlarning “munosibligini aniqlash” maqsadida ularni 4 iyun - 10 iyun kunlari tekshiruvdan o`tkazdi.

Afsuski yakuniy ro`yxatga ayollar kiritilmadi. Ayrim taxminlarga ko`ra, ushbu ro`yxatni tuzgan tashkilot nomzodlarning hukumatga va Oyatullohga qanchalik sadoqatli ekaniga qarab ro`yxatni shakllantirgan. 

Shu tariqa quyidagi shaxslar prezident saylovlarida ishtirok etadigan bo`ldi:
• Muhammad Boqir Qolibof — parlament spikeri, Tehronning sobiq hokimi, Islom inqilobi qo`riqchilari korpusi Harbiy havo kuchlarining sobiq qo`mondoni.
• Said Jaliliy — Maqbullik kengashi a`zosi, yadro dasturi bo`yicha sobiq bosh muzokarachi.
• Ali Rizo Zokoniy — Tehron hokimi.
• Mas`ud Pezeshkiyon — parlament deputati.
• Mustafo Purmuhammadiy – sobiq Ichki ishlar va adliya vaziri.
• Amir Husayn Qozizoda Hoshimiy — Shahidlar va veteranlar ishi bo`yicha bo`yicha Fond rahbari.
 

Nomzodlar saylovoldi bahslarida Erondagi iqtisodiy muammolar uchun hukumatni ayblashdi. Deyarli barcha nomzodlar sanksiyalarni bekor qildirishga erishish, siyosiy-iqtisodiy islohotlar o`tkazish, turizmni rivojlantirish, tibbiyot sohasi xodimlarining maoshlarini oshirish va boshqa islohotlarni va`da qilishdi. 

Favoritlar

28 iyunda o`tadigan saylovlarda Qolibof va Jaliliyning g`alaba qilish imkoniyatlari kattaroq ekani taxmin qilinmoqda. 
Oxirgi so`rovlarga qaraganda, Qolibof uchun eronliklarning 28,7 foizi, Jaliliyga esa — 20 foizga yaqini ovoz berishga tayyor. Uchinchi o`rinni esa 13,4 foiz ovoz bilan Pezeshkiyon egallagan.

Qolibof konservator bo`lsa-da, mo``tadil siyosiy qarashlarga ega nomzod. 

Jaliliy esa o`ta qattiqqo`l siyosat yuritishga moyil siyosatchi. U prezidentlikka saylansa, inson huquqlari borasidagi vaziyat yanada og`irlashishi prognoz qilinmoqda. Jaliliy - Eron siyosiy elitasining ham favorit nomzodi. 

Qolibof ham Oyatulloh Homanai va Inqilob qo`riqchilari korpusi bilan yaxshi munosabatda bo`lsada, ultrakonservativ siyosatchilarga yoqmaydi. Ular hatto OAV orqali Qolibofga qarshi axborot kampaniyasini yuritishmoqda.

Nomzodlar orasida faqat Mas`ud Pezeshkiyon islohotchi qatlam vakili hisoblanadi. Pezeshkiyon boshqa nomzodlar kabi elita bilan qalin do`st bo`lmasa-da, uni Eron shimoli-g`arbidagi millionlab etnik ozarbayjonlar qo`llab-quvvatlashadi.

Biroq Pezeshkiyonning prezident bo`lishi uchun aholining saylovlarda qatnashish istagi o`ta pastligi xalaqit berishi mumkin. 

Eronni nima kutyapti?

Eronliklarning siyosatga qiziqishi katta bo`lsa-da, yangi saylangan prezident mamlakat siyosatiga deyarli ta`sir ko`rsatmasligini juda yaxshi bilishadi. Bu erda prezident - Oyatulloh siyosatining ijrochisi xolos. Qolaversa, nomzodlar ham Oyatulloh tanlab bergan siyosatchilardir. 

Shu bois, saylovchilarning ovoz berish jarayonidagi ishtiroki o`ta sust bo`lishi prognoz qilinmoqda. Hukumatdan norozi, islohotlar o`tkazilishiga umidi so`ngan eronliklar shunchaki saylovlarni boykot qilishi mumkin. Shu yo`l bilan saylovlar va yangi prezidentning legitimligiga shubha uyg`otishga harakat qiladi. 
Hukumatga tegishli bo`lmagan OAVlar “saylovlar hech narsani o`zgartirishga qodir emas”, deb, aholini saylovlarni boykot qilishga chaqirmoqda. 

Prezidentga ham oson emas

Biroq yangi prezident turg`unlik sharoitida betashvish siyosat yuritadi, deb bo`lmaydi. U ulkan iqtisodiy muammolarni hal qilishga urinishi talab etiladi. Shuningdek, sanksiyalarni “bir yoqlik” qilishga to`g`ri keladi.

Qolaversa, Isroilning Falastindagi urushi ham Eron prezidenti uchun o`ta jiddiy-tarixiy sinov bo`lishi mumkin. 

                                                                                                                                                                                                                                                                                  Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar