1

Qizingiz kelajakda ona bo`ladi. Buni unutmang!

SUG'DIYONA 30.11.2016, 16:42
Teglar: Ayol, Ona, Ona va bola, Qiz
Qizingiz kelajakda ona bo`ladi. Buni unutmang!

Jajji qizalog`ingizni kuzatganmisiz? U qo`g`irchog`ini ovqatlantiradi, o`z tilida alla aytib uxlatadi, «tagini ho`l qilib qo`ysa», koyiydi… Bu shunchaki o`yin emas. Qizaloq hali o`zi ham anglamagan holda muhim hayotiy «roli» — onalikka tayyorgarlik ko`radi. Bu bo`lajak ona tarbiyasi esa juda muhim. Shifokorlarning ta`kidlashicha, ayol reproduktiv salomatligi 80 foiz bo`lajak ona bolaligida qaysi kasalliklar bilan og`rigan va qanday davolanganiga bog`liq. Shuning uchun ham ginekolog qabuliga ilk bor borganingizda bolaligingizda qaysi kasalliklarga chalinganingizni albatta so`raydi. Xo`sh, qiz farzand o`stirayotgan onalar nimalarga ahamiyatli bo`lishlari kerak?

Xonadoningizda qizaloq voyaga etayapti. Uning ilk qadamlari, dastlabki so`zlaridan zavqlanasiz, qo`g`irchoqlar olib berasiz, «ona-bola» o`yini o`ynaysiz. Bir necha yil o`tib, o`sha qizalog`ingiz haqiqiysiga ona bo`lishni istaydi. Faqat afsuski, hayotda bu hammaga ham birdek nasib etavermaydi… Akusher-ginekologlarning ta`kidlashicha, bepushtlik dardining boshi, ayol reproduktiv salomatligining aksariyat muammolari aynan bolalikka borib taqaladi. Shu bois qiz farzand o`stirayotgan har bir ona qizalog`ining salomatligiga jiddiy e`tiborda bo`lishi juda muhim.

Onalar yon daftariga

Hayz boshlanishidan bir yil oldin qizaloqning bo`yi birdan (10-12 oyda 8 santimetrgacha) o`sishi kuzatiladi. Lekin vazniga birdan vazn qo`shilishiga hushyor bo`lish kerak. Agar qizaloq bu davrda o`ta semirsa, beli, qornida «rastyajka»lar paydo bo`lsa, bu bepushtlikning eng keng tarqalgan sabablaridan biri — tuxumdonlar polikistozi sindromi alomati hisoblanadi. Aksariyat qizlarda 12-13 yoshda bosh terisi va sochlari battar yog`lanadi, yuzida husnbuzarlar toshadi, yuzi, oyoqlari, qornida tuklar paydo bo`ladi. Bularning barchasi kosmetik emas, tibbiy muammolar. Qizingizning hayz og`riqli bo`layotgani haqidagi shikoyatlariga ham e`tiborsiz qaramang. Ba`zida pubertat davrda qizlarda bachadondan qon ketishi yuzaga keladi. Bu 98 foiz holatda stressni keltirib chiqaradi. Bolalar ginekologiga o`z vaqtida murojaat qilish qizingizning kelajakdagi reproduktiv salomatligini saqlashga yordam beradi.

Bolalar ginekologiga qachon murojaat qilish kerak?

  • Qizingizning tashqi jinsiy a`zolari tuzilishi borasida xavotiringiz bo`lsa;
  • ikkilamchi jinsiy belgilar juda erta (8 yoshgacha) yoki juda kech (13 yoshda) paydo bo`lsa;
  • 14-15 yoshda ham hayzning yo`qligi;
  • hayz sikli nomuntazam (oralig`i 1-2 oydan ko`p), hayz 7 kundan ko`p davom etsa, og`riqli bo`lsa;
  • qorinning pastki sohasida og`riq, qichishish, o`zgacha ajralmalar kuzatilsa;
  • semizlik yoki vazn kamligi, terida «rastyajka»lar, haddan ortiq tuklilik, husnbuzarlar kuzatilsa;

«Qizim, doktorga boramiz»

Qizaloqni bunga ruhan qanday tayyorlash kerak?

  • Qizingiz uchun ruhiy sokinlik muhitini yarating. Uni shifokor qabuliga borish tabiiy, oddiy hol ekaniga ishontiring.
  • Nima bo`lganda ham xavotiringizni bildirmang. Shifokor hech qanday ziyon ekazmasligiga ishontiring. Unutmang, ona o`zini qanchalar sokin, xotirjam tutsa, bola ham o`zini bexavotir sezadi.

Oddiy, biroq muhim qoidalar

Shifokorlar qizlar jinsiy gigienasiga e`tiborli bo`lish katta yoshli ayollar jinsiy gigienasidan ham muhimligini ta`kidlashadi. Chunki qizlar jinsiy tizimi infeksiya va yallig`lanishlarga chalinuvchan bo`ladi. Shu bois onalarga qizalog`ining salomatligi uchun bir qancha oddiy qoidalarni eslatib o`tamiz:

  • Bolaning shaxsiy gigiena vositalari (sovuni, sochig`i…) bo`lishini ta`minlang. Sochiqni tez-tez almashtirib turing.
  • Choyshablarini muntazam almashtirib turing.
  • Har kuni bolaga toza, ikki tomonidan dazmollangan ich kiyim kiydiring.
  • Sintetik kiyimlardan qoching. Bolaning kiyimlari imkon qadar 100 % paxta matodan bo`lsin.
  • Qizingizga kichikligidan qo`llarini yaxshilab yuvishni (ayniqsa ovqatlanishdan oldin) o`rgating.
  • Qizalog`ingizni kichikligida cho`miltirayotib, suv bolaning dumba sohasidan jinsiy a`zolariga oqishi mumkin emas, infeksiya yuqishi mumkin.
  • Bolalar kiyimlarini alohida yuving. Sochiq va ichki kiyimlariga albatta issiq dazmol bosing.
  • Yallig`lanish, kuchli qizarish va shishni sezsangiz, sababini (bu infeksiyami, allergiyami, vitamin etishmasligimi yoki gijja) bilish uchun bolalar ginekologiga murojaat qiling.
  • Qizingizga uzoq vaqt peshobini tutib turishning oqibati yaxshi emasligini tushuntiring. Bu jinsiy tizim rivojlanishida turli ortda qolishlarga sabab bo`lishini ayting.
  • Qizingiz 10-11 yoshga etganida hayz boshlanishi, bu nima ekani haqida bildiring. Aks holda hayz kelganida u qo`rqib ketishi, nima qilishni bilmay qolishi mumkin.
  • Hayz davrida esa prokladkani bir kunda 2-3 marta almashtirish kerakligini tushuntiring.

Xullas, aziz onalar, qizalog`ingiz — bo`lajak ona salomatligiga hamisha e`tiborli bo`ling! Toki kelajak avlodlar sog`lom bo`lsin!

Muborak PIRIMQULOVA, oliy toifali shifokor-ginekolog,
Nilufar  tayyorladi

Sharhlar

Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Toshkentda qiz sevgilisini pichoqladi, omon qolgan yigit hali ham unga o`ylanish niyatida (video)

16.12.2019, 11:35

Toshkentdayigit va qiz o`rtasida rashk sababli kelib chiqqan janjal oqibatida qiz sevgilini pichoqladi. Yigit esa baxtli tasodif bilan omon qolgan. Bu haqda «Zamon» axborot dasturida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1