Buxoro viloyatining Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahallasida yashovchi 50 yoshli erkak 24 yoshli ayolni pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Xayot Shamsitdinov darakchi.uz'ga xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, marhuma erkakning uchinchi xotini bo‘lgan.
Xotini 2018 yil vafot etgan A.D. 2018 – 2019 yillarda Buxoro shahrida yashovchi ayol bilan yashab kelgan. Bir nafar farzandi tug‘ilgach, ayol bilan ajrashgan. 2019 yilda esa Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 24 yoshli ayol bilan turmush qurgan.
Oilaboshi hech qayerda ishlamagach, farzand tug‘ilgan oilada muammolar kelib chiqa boshlagan. Shundan so‘ng ayol mahallada kafelarning birida ishlay boshlagan. 50 yoshli erkak ayolini rashk qilib, har kuni kafeda janjal ko‘targan. Kunlarning birida ayolining unga xiyonat qilayotgani aytilgan xabardan so‘ng, bu to‘polon kattalashgan va qotillik bilan yakunlangan.
2024 yilning 30 iyul kuni ayoli ishlayotgan kafega borgan erkak janjal oqibatida oshxona pichog‘i bilan ayolining chap bel sohasiga og‘ir tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Ayol esa voqea joyida vafot etgan.
Buxoro viloyati prokuraturasi axborot xizmatining bildirishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ushlangan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.