Surxondaryoda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkakka "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning 3 iyun kuni 1992 yilda tug‘ilgan B.Sh. (erkak) Sh.M. ning 2014 yilda tug‘ilgan qizi D.A. ga uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, uyatsiz qiliqlar qilib, uning jinsiy daxlsizligiga tahdid qilgan.
Sh.M. holat yuzasidan mas’ullarga murojaat qilib, qo‘shnisi B.Sh. voyaga yetmagan qiziga agar bo‘lgan holatni kimgadir aytadigan bo‘lsa, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitganligini, B.Sh. ayolning uyiga kirib, qilgan ishlarini qizi videotasvirga tushirib olganligini, bu holat yuzasidan tergov organlariga xabar berganligini, lekin ular tomonidan tegishli chora ko‘rilmayotganligini bildirib, farzandining huquqlarini himoya qilishda yordam so‘ragan.
Bolalar ombudsmanining Ichki ishlar vazirligiga yuborgan so‘rovi asosida Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan joriy yilning 7 iyul kuni B.Sh. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 129-moddasi 2-qismi "v" bandi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan 26 iyul kuni ayblanuvchi B.Sh. ga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi materiallari tegishli sudga yuborildi.