Toshkentda unitazni tuzatish uchun kelgan santexnik uydagi qizga shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi. darakchi.uz holat yuzasidan o‘tkazilgan sud ishi hujjatlari bilan tanishib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, S.B. (qiz bola) joriy yilning 9 avgust kuni Yunusobod tumani IIO FMBga murojaat qilib, elektrik A.J. unga shahvoniy shilqimlik qilib, ko‘kragiga teginib, tegajog‘lik qilganini, aytgan. Qiz unga qarshilik ko‘rsatib, tegmang, nima qilyapsiz, deganida erkak uning tanasi yoqishini aytgan, shu sababli unga chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, A.J.ga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Mazkur sud ishi JIB Yununosobod tumani sudida ko‘rib chiqilgan.
Sud majlisida A.J. fuqaro T.D. ning iltimosiga ko‘ra borib, santexnika ishlarini bajarganligini, uyda uning nevarasi S.B. bo‘lganligini, uning bir o‘zi unitazni tuzatishga qiynalganligini va undan yordam so‘raganini, shundan so‘ng u bilan qo‘l silkishib xayrlashganini ma’lum qilgan. Sudda u ayolga nisbatan hech qanday shilqimlik qilmaganini bayon qilib, unga nisbatan yengillik berilishini so‘ragan.
Sud hukmiga ko‘ra, A.J. MJtKnyng 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.