8 oktyabr kuni o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishlarini tashkil qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun 16−23 oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
Bu kunlari saylov uchastkalarida ovoz berish vaqti quyidagi muddatda davom etadi:
- ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 ga qadar;
- dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar.
O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan davlatdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, saylovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 11 nafar va mahalliy kengashlarga 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan.
Saylov komissiyalari tarkibida esa 1343 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 830 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan saylovchilarga ko‘mak beruvchi volontyor biriktirilmoqda.
Bundan tashqari, MSK qarori bilan Turkiy davlatlar parlament assambleyasining 19 nafar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Parlamentlararo assambleyasi, Rossiya va Xitoydan 2 nafardan, AQSHning 3 nafar hamda Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Fransiya, Hindiston va Yaponiyaning 1 nafardan vakillari, jami 36 nafar xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.