1

«Jim, uyda bolalar bor!»

SUG'DIYONA 03.12.2016, 13:07
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin
«Jim, uyda bolalar bor!»

«Birin-ketin farzandli bo`ldig-u, rafiqam meni butkul unutdi. Men bo`lsam avvalgidek munosabatlarni qumsayman...». «Ayolim bolalarga shunchalik e`tiborliki, gohida rashkim keladi. Qaniydi menga ham shunday muomala qilsa...». «Bolalar uyg`onib ketishadi, deb qo`rqadi  Rosti, er-xotindek yashashni istayman. O`z uyimda istaklarimni amalga oshirolmasam...»

Bu fikrlarni atay maqolaning kirish qismiga yozdik. Ha, dugonajonlar ko`rib qo`ying, juftingizni nimalar tashvishga solayotganini. «Unday emas!» deyishga shoshilmang. Zero, galdagi mavzumiz erkaklar orasida o`tkazilgan kichik surishtiruv asosida tanlandi. Xo`sh, sizda bu kabi muammolar bo`lganmi? Nahot bolalarni deb nozik munosabatlar sovib ketsa... Balki oldini olish mumkindir? Bugun shu haqda «sirlashamiz».

 

Yangi mexmon kelgach...

Qirq kunlik «karantin»dan so`ng er-xotinning har ikkisida ham kuchli ehtiroslar kuzatiladi. Bu erkak uchun kutilgan «uchrashuv», ayol uchun esa vaqtinchalik holat, xolos. Chunki ayni dam uni ko`proq onalik mehri o`ylantiradi. Muhabbat «o`yinlari» esa o`z-o`zidan ikkinchi o`ringa o`tgan. Ayolni ham to`g`ri tushunish kerak. Axir u yangi tuyg`ularni his etmoqda. Ko`nikkunicha vaqt kerak. Lekin hamma erkaklar ham buni to`g`ri tushunmaydi-da.

Chaqaloq tunda uyg`onadi, yig`laydi, tagligini yangilaysiz, xullas kunu tun tinim yo`q. Biroq bu juftingizni  shashtidan qaytarishingiz uchun sabab emas.  Nima qilasiz? Biror oylardan so`ng bolakay kun tartibiga moslashadi. Shunga qarab, eringizga vaqt ajratishni o`rganing. Tunda necha marta emizasiz, qanday holatda bo`lasiz, bu sizning ishingiz, begingiz qarshisida istalgan ayol bo`ling. Go`dak belanchakda jimgina uxlayaptimi, uning borligidan istihola qilish shart emas.

 

Bolakay 1-2 yosh bo`ldi...

Ruhshunoslar, bola bir yoshdan oshdimi, yotog`ini bo`lak qiling deb bejiz aytishmaydi. Birinchidan, nozik munosabatlardan chalg`itadi, ikkinchidan bu yoshda bolalar ta`sirchan bo`lib, ota-onaning xatti-harakatini noto`g`ri tushunishi mumkin. Masalan, ayolidan bo`sa olayotgan erkakni ikki yoshli bolakay «Dadam oyimni xafa qilayapti» tarzida tasavvur qilishi ehtimoldan holi emas. Shu bois yaqinlik masalasi bola uxlagach hal qilingani ma`qul. Tunda imkoni bo`lmasa, kunduzi, farzandingiz orom oladigan vaqt haqida o`ylab ko`ring.

 

3-4 yoshlarda...

O`g`il-qizingiz allaqachon o`z xonasiga ega «hokim». Ammo gohida «Yomon tush ko`rdim» yoki «Qo`rqib ketayapman, siz bilan uxlayman» deb yotog`ingizga kirib keladi. Onaligingizga borib, bolangizni ovutasiz, istagiga qarshi bormaysiz. Biroq eringizning qovog`idan qorlar yog`adiki... Ertasiga muzlagan yax ustida sirpanib ketmaslikni istasangiz, vaziyatni nazorat qiling. Bola uxlagach, uni karovatda qoldirib, boshqa xonaga o`tish mumkin. Agar buning imkoni bo`lmasa, bolani asta joyiga olib chiqib qo`ying.

 

5 yoshli bilimdon...

«Nega osmon moviy rangda?», «Men qanday tug`ilganman?» bu kabi savollar bilan tinim bilmaydigan bolakay, «Nega xonangiz eshigini qulflab olasizlar?» deyishdan ham toymaydi. Axir unga hamma narsa qiziq-da. Yoki tunda indamay kirib kelishi mumkin. Yana deng kutilmagan vaziyatda. Xo`sh, qanday yo`l tutasiz. Avvalo yotoqxona eshigini hamisha yopiq tuting. Bolalaringizga kichikligidan o`rgating, «yotoqxonaga so`roqsiz kirilmaydi». Mabodo dab-durustdan qoidalar buzilsa ham sarosimaga tushmay, bolani xonasiga olib borib, uxlating-da, ortingizga qayting. Xarxasha qilayotgan bolani ham ovutish mumkin. «Yig`lab qo`ymayapti», «Injiqlanayapti» degan bahonalar o`tmaydi.

 

8-9 yoshda...

Farzandingiz maktabga  chiqdimi, har kuni bir vaqtda uxlashga odatlantiring. Shunda tunning qolgan qismini juftingiz uchun ajrata olasiz. Kun tartibiga moslashgan bola yarim tunda kutilmagan tashriflar bilan bezovta qilmaydi. Bola ulg`aygani sari atrofidagi hodisalarni o`zicha tahlil qila boshlaydi. Shunday ekan, ehtiroslar yotoqxona eshigidan tashqariga chiqmasin.

 

O`smir bo`ldik!

14-15 yoshli o`g`il-qizlari bor ota-onalar, yaqinlik borasida farzandlaridan istihola qilishadi. Aniqrog`i bu ko`proq ayollarda kuzatiladi. Erkaklar esa istaklarini amalga oshirolmayotganlari uchun norozi bo`lishadi. Bu vaziyatda ko`p narsa ayolning uddaburonligiga bog`liq. «Bolalar ko`rib  yoki eshitib qolsa-chi?» deya cho`chiyotgan bo`lsangiz, biror kun ularga ta`til bering-da, buvisinikiga yuboring. Yoki kino, teatr, sirkka chipta sotib olib, biror soatlarga chalg`iting. Shunda ham muammoni hal qilolmasangiz, tongdan (odatda bu paytda o`smirlarni zambarak o`qi bilan ham uyg`otish amri mahol) juftingizning ko`nglini olishingiz mumkin. Muhimi, xohish bo`lsa, etarli.

 

E`tibor, e`tibor va yana e`tibor!

Bolalar tug`ilgach asosiy e`tibor ularga qaratilib, istaysizmi-yo`qmi juftingizdan salgina uzoqlashasiz. Bu normal holat bo`lishi mumkin. Biroq muntazam davom etishi to`g`ri emas. Farzandingizni suyib erkalayotganda, yoringizdan ham bir og`iz shirin so`zni qig`zanmang. Jigarbandlaringizga qanchalik diqqat qilsangiz, begingizni ham undan kam ko`rmang. Ular ham mehrni, muhabbatni kezi kelganida bag`ringizga bosh qo`yib, xotirjamlik tuyishni qumsaydigan katta bolalar.

 

Bu haqda aytish kerakmi?

Bo`yi etib qolgan o`g`il-qizlar ota-onasining «shaxsiy» hayoti haqida qay darajada tasavvurga ega bo`lishi kerak? Mutaxassislar fikricha, balog`at yoshiga etgan bolaning jinsiy tarbiyasini to`g`ri olib borsangiz, ota-onasining o`z hayoti borligini fahmlaydi. Faqat buning uchun er-xotin xatti-harakatlari, muomala va o`zaro munosabatlarini nazorat qila olishlari kerak. Bir-biringizning qo`lingizdan tutib televizor tomosha qilishingiz, ishga kuzayotganda juftingizga bo`sa hadya etish – bu holatlar ikkingiz orangizdagi hurmat va mehr belgisi. To`g`ri, bolalar kichikligida bu ishlarni tushunmay ba`zida kulguga olib gapirishlari mumkin. Ammo ulg`aygach, oddiy narsalar bilan ham e`tibor ko`rsatish mumkinligini o`rganishadi. Kerak bo`lsa, sizdan ibrat olishadi.   

 

Uyg`unlikka erishamiz!

«Chaqalog`im bor» deb emizishga qulay kiyimni tanlaysiz. So`ng ortiqcha mulozamatga erinib, kundalik libosingizda ham uxlab qolish odati paydo bo`ladi. Ko`p o`tmay faqat ko`chaga chiqqaningizdagina pardoz qilasiz-u, uyda qolsangiz, sochga rezinka taqib yuraverasiz. «Meni birov kelin qilarmidi?» deysiz-da. Yashang! Chindan ham  sizni so`rab keladiganlarning keti uzilgan. Biroq eringiz oromini o`g`irlagan o`sha yangi kelinchakni sog`inadi-da. Bolalarga hamisha vaqt ajratish kerak, ammo bu ishlar yaqinlikka to`sqinlik qilmasin. Nozik munosabatlarga er-xotinlik vazifasi emas, avvalo ikki insonning mehr-muhabbati, talpinishi sifatida qarasangiz hayotingiz muammolardan xoli bo`ladi.

Oliy toifali shifokor-seksapotolog Dilmurod ERGAShEV tavsiyalari asosida MARJONA tayyorladi.   

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1