Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida 414 dona suyultirilgan gaz ballonini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 14 oktyabr kuni Buvayda tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirida tumanning Dehqonobod va Do‘stlik MFYlarida suyultirilgan gaz ballonlarini noqonuniy saqlash uchun mo‘ljallangan «bunker»lar aniqlandi.
Xususan, Dehqonobod MFYda fuqaro A.T.ga tegishli noturar joyda 69 ta, fuqaro E.F. xonadonida 35 ta «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minotiga tegishli maishiy gaz ballonlari topilgan. Fuqaro A.K. mahalladagi noturar joyda «bunker» tashkil qilgan va u yerda 110 ta maishiy gaz balloni aniqlangan.
Shuningdek, Do‘stlik MFYda joylashgan fuqaro A.T.ga tegishli noturar joyda T.H. tomonidan «bunker» tashkil etilgan holda, 200 dona gaz balloni saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan. Tadbirlar davomida jami 414 dona (314 tasi suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan) maishiy gaz ballonlaridagi 6,2 ming kg suyultirilgan gaz mahsuloti talon-toroj qilinishining oldi olindi.
Holatlar yuzasidan tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan va barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.