Mayamidagi FQB ofisiga qo`yilgan 750 ming dollarlik yog`och haykal 17 agentning zaharlanishiga sabab bo`ldi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.
FQB rahbariyati mazkur san`at asarini yog`ochdan haykal yasovchi, mashhur haykaltarosh Ursula fon Ridingsvardan sotib olgan edi. Tornado shaklida yasalgan haykalning og`irligi etti tonnani tashkil etadi. Bu san`at asari FQBning Mayamidagi ofisiga o`rnatilgan edi. FQB xodimlaridan 17 kishi sog`lig`ining yomonlashganidan shikoyat qilgan, ularning burun shilliq qavati shamollagan, degan tashxis qo`yilgan, ba`zilarning esa nafas olishi va yutinishi qiyinlashgan.
Ularning kasal bo`lishiga yog`och haykal sabab bo`lib, allergiya qo`zg`atgan. Voqedan keyin yog`och haykalni bo`laklab, ofisdan olib chiqish FQB rahbariyatiga 412 ming dollarga tushdi.





