Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro amirligi davriga oid qadimiy tangalarning olib chiqilishi fosh etildi, deya
Aniqlanishicha “Qarshi aeroporti” chegara bojxona posti orqali “Qarshi-Moskva” yo‘nalishidagi HY-9623-sonli aviareys bilan uchib ketishni maqsad qilgan fuqaro X.X. “yashil yo‘lak” orqali harakatlanib kelayotganida, yonidagi qo‘l va yuk so‘mkalari rentgen apparatida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda hamda fuqaroning o‘zi xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, qadimiy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlangan, ishlab chiqarilganligiga 50 yildan oshgan jami 116 dona, metaldan tayyorlangan qadimiy tangalarni mamlakatimizdan yashirin tarzda olib chiqayotgan vaqtda to‘xtatib qolindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan ma’muriy ish yuritilib, sud organlariga yuborilgan.
Shuningdek, ushlab qolingan qadimiy tangalar “Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi”ga topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining tegishli xulosasida Buxoro amirligi davrida zarb etilgan tangalar ham mavjudligi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, “Qarshi ayeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 10 ta holatda, qiymati 10 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan, tarixiy ahamiyatga ega 168 dona madaniy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldi olingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 23 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish to‘g‘risida”gi 131-sonli qaroriga ko‘ra, madaniy boyliklarning mamlakatimizdan olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solishni Bojxona qo‘mitasi ham amalga oshiradi.
Mazkur tartibga asosan, ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilmaydi.