Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni "Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Bu haqda "Norma" xabar berdi.
Bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlari ko‘payishi munosabati bilan qonun bilan bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini oldini olish va himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda.
Zo‘ravonlikning barcha shakllari, jumladan jismoniy, jinsiy, ruhiy, g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya va qo‘rqitish (bulling) taqiqlangan va qonun bilan ta’qib qilinadi.
Xususan, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilishi, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkinligi belgilanmoqda.
Qonun bilan birinchi marta zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderini berish mexanizmi joriy etilmoqda. U ichki ishlar organlari tomonidan 30 kungacha muddatga beriladi va zo‘ravonlik qurboniga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi. Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar va ma’naviy ziyonni qoplashni talab qilish huquqi aks ettirilgan. Shuningdek, hujjatda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ushbu yo‘nalishda bevosita faoliyat yurituvchi davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari belgilangan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligiga (vakolatli davlat organi) zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalarni, shuningdek ularga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilishi xavfi ostida turgan bolalarni aniqlash, ularni hisobga olish va zarur hollarda zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha yakka tartibdagi choralarni ko‘rish vazifalari yuklanadi.
Shu bilan birga, ota-onalarning mas’uliyati oshirilmoqda. Xususan, ota-onalar bolalar hayoti va sog‘lig‘ini asrashi, ular haqida g‘amxo‘rlik qilishi va zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi kerak, tarbiya jarayonida bolalarni jismoniy jazolash taqiqlanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi mamlakatning butun hududida kechayu-kunduz bepul telefon tarmog‘ini (ishonch telefoni) ta’minlaydi. Bunda ishonch telefoni maxfiylik saqlangan holda faoliyat yuritadi. Qonun hujjatlarida belgilangan hollardan tashqari, ishonch telefoni orqali olingan ma’lumotlarni oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlar quyidagi tartibda qo‘llaniladi:
- zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash;
- bolaning hayotiga yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid soluvchi omillarni bartaraf etish;
- zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarning hayotiy vaziyatini baholash;
- zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarni himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda amalga oshirish (zarur bo‘lganda);
- zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarni himoya qilish rejasining monitoringi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni, shuningdek o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlashda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa subyektlar bilan birgalikda ishtirok etadi. Vakolatli davlat organi ichki ishlar organlari bilan birgalikda bunday bolalarning hisobini yuritadi hamda zarur hollarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlarning qo‘llanilishini ta’minlaydi.