AsosiyJamiyat

Farzandini bog`chaga joylashtira olmayotgan fuqaro xalq ta`limi vazirining virtual qabulxonasiga murojaat qildi

Har bir shaxsning bevosita o`zi yoki boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalarga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi Konstitusiyamizning 35-moddasida mustahkamlab qo`yilgan. O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo`lmoqda, deb yozadi O`zA.  

Qibray tumanida yashovchi Shohida Eshmurodova besh yoshli qizi Charosni tumandagi 47-maxsus maktabgacha ta`lim muassasasiga joylashtira olmayotgani, necha marotaba murojaat qilsada, unga rad javobini berishayotganidan shikoyat qilib ariza yozgan. 

– Vazirning virtual qabulxonasi ishga tushirilganini eshitib, xursand bo`lib ketdim, – deydi Sh.Eshmurodova. – Ta`lim tizimidagi kamchilik va nuqsonlar endi barham topadi, deb umid qilaman. Shikoyatim ikki kun ichida o`rganilib, qizim ushbu maktabgacha ta`lim muassasasiga joylashtirildi. 

– Davlat organlariga veb-sayt orqali murojaat yo`llash qulay usul hisoblanadi, – deydi Uchtepa tumanidagi 238-umumta`lim maktabi o`qituvchisi Gavhar Abdullaeva. – Men ham vazirning virtual qabulxonasiga chet tili fani o`qituvchilari uchun tashkil etilgan 72 soatlik maxsus darslar bo`yicha savol yo`lladim. Qisqa muddatda soha mutaxassislaridan tegishli javob oldim. 

Namangan viloyatida yashovchi M.Davlatova o`g`li o`qiyotgan sinfda darslik masalasida etishmovchiliklar bo`layotgani, matematika faniga oid darslikning kamligi tufayli bolasining fanni o`zlashtirish ko`rsatkichi pasayib ketayotganidan shikoyat qilgan. Bu murojaat ham vazirlik mutasaddilari tomonidan o`rganilib, tegishli chora ko`rilgan. 

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holatini tubdan isloh etish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, samaradorligini oshirishda www.uzedu.uz virtual qabulxonasi ayni muddao bo`ldi. 10-06 raqamli “ishonch telefoni”, info@xtv.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilish va qisqa muddat ichida o`z savollariga javob olish imkoniyati ham yaratildi.

Boshqa yangiliklar