So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida o‘rnatilgan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzib qo‘yish hamda ularni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tarqalayotgan xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zlidep partiyasining qayd etilishicha, mamlakatda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishning jadallashuvi natijasida elektromobillar soni tobora ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning 10 oyi davomida mamlakatimizga 20 mingdan ortiq elektromobillar import qilingan hamda elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu jarayon elektromobillardan foydalanish infratuzilmasining rivojlanishi va kengayishi zaruratini yuzaga keltirdi. Ko‘plab xizmat ko‘rsatish obyektlari atrofida tadbirkorlar tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘rnatildi va aholiga xizmat ko‘rsatish joriy qilingan.
Shu bilan birga, Prezident farmoniga muvofiq 2024 yil 1 yanvardan boshlab savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obyektlarining loyihalariga majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabi ham belgilangan.
Biroq, ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida o‘rnatilgan, xususan subabonent sifatida elektr tarmoqlariga ulangan va elektrdan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzib qo‘yilayotganligi tadbirkorlar tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli, deputat N.Sultonov Energetika vazirligiga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari faoliyati cheklanib, ularni elektr tokidan uzish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganlik holati yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish hamda Kadastr agentligiga Toshkent shahrida elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish bilan bog‘liq holatlarning qonuniyligi yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon etishini so‘ragan.