O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiyada bo'lib turgan o'zbekistonliklarni shaxsiy mas'uliyatni oshirish va xavfsizlik qoidalariga qat'iy rioya etishga chaqirdi.
Fuqarolardan kundalik hayotda sog'liq va hayotga xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan shubhali vaziyatlardan uzoqda bo'lish, ommaiviy yig'ilish va namoyishlarda ishtirok etmaslik, shuningdek, gavjum joylarda hushyorlikni kuchaytirish so'ralgan.
Ma'lum qilinishicha, qonuniy huquq va manfaatlari buzilgan yoki og'ir holatga tushib qolgan fuqarolar zudlik bilan Turkiya huquq-tartibot organlariga 155 (politsiya) yoki 156 (jandarmiya) qisqa raqamlari orqali, shuningdek, Bosh konsulxonaning 24/7 ishonch telefoniga murojaat qilishi kerak.
Shuningdek, agar fuqaro yoki uning yaqinlari mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan qo'lga olinisa yoki ozodligi cheklansa, ular advokat yordamini talab qilish, yaqinlariga xabar berish va Bosh konsulxona bilan bog'lanish huquqiga ega ekani ta'kidlangan.
"Hurmatli vatandoshlar! Sizning huquq va manfaatlaringiz davlat himoyasidadir!", deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona, shuningdek, pul evaziga Turkiyada yashash hujjatlarini rasmiylashtirish, daromadli ish yoki AQSh hamda Yevropa davlatlari vizalarini va'da qilayotgan firibgarlardan ehtiyot bo'lishga chaqirgan.
Bundan tashqari, rasmiy ruxsatnomasi bo'lmagan taksi xizmatlaridan, ayniqsa ayollar va yolg'iz shaxslar foydalanmasligi tavsiya etilgan.






