AsosiyJamiyat

32 ta shahar va tumanlardagi trotuarlarda “Soyali sayr ko‘chalari” yaratish taklif qilinmoqda

Sohil va daryo bo‘ylarida 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklarini qurish ko‘zda tutilgan.

'32 ta shahar va tumanlardagi trotuarlarda “Soyali sayr ko‘chalari” yaratish taklif qilinmoqda'ning rasmi

Yurtimizning 32 ta shahar va tumanlaridagi aholi yuradigan asosiy trotuarlarda “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘ini yaratish taklif qilinmoqda. 

Taklifda Respublikaning yashillik darajasini 14,1 foizga yetkazish, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklarini qurish ko‘zda tutilgan.

Bu haqda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida alohida qayd etilgan, deya xabar qildi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Aholi tomonidan olingan murojaatlar va takliflarga asosan, yashash hududlarida ekologik muhitni yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish uchun qulay shart-sharoit yaratish talab etiladi. Xitoyning “Xuajun” fan va texnologiya universiteti olimlari atrof-muhit va insonning psixologik holatini o‘rganib, yashil respondentlarning uylari yashillik hududlariga 300, 500, 1000 va 1500 metr radiusda yaqinligini, farovonlik, kasallikka chalinish va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni tahlil qildilar. Natijada yashil maydonlarda uzoq vaqt bo‘lish depressiya va tashvishlanish xavfini kamaytirishi ma’lum bo‘ldi.

 Xalqaro tajriba 

 Fransiyaning Parij shahrida ekologik muammolarni bartaraf etish, shaharda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini yanada takomillashtirish maqsadida “Katta tabiat, kichik beton” aksiyalariga e’tibor ortdi. Bu bilan shaharlarda ko‘plab bino va inshootlar oldidagi betonlar yo‘q qilinib, yashil qoplamalar barpo etish yoki daraxt ko‘chatlari ekib, o‘rmon bilan qoplanish darajasini oshirishga e’tibor qaratilgan. 

 Jumladan, 2004 yilda Parij shahridagi “Otel-de Vil-ratushey” beton qoplama bilan qoplangan maydon 2020 yilga qadar daraxtzor bilan qoplangan ekooazisga aylantirildi. 

 Loyihaga ko‘ra, “Soyali sayr ko‘chalari” tizimini joriy qilish bo‘yicha 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqiladi. Bu aholi harakatlanadigan gavjum trotuarlarda havo ifloslanishini 5-10 foizga va trotuarlar bo‘ylab havo haroratini 3-5 darajagakamaytiradi. Shuningdek, aholining jismoniy faolligini oshirib, sog‘lom turmush tarzini olib borish imkoniyatini yaratadi.

 Ma’lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi “O‘zbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiya_yili_bot telegram boti http://@Ekologiya_yili_bot(@Ekologiya_yili_bot) orqali yuborishingiz mumkin!

    Boshqa yangiliklar