AsosiyJamiyat

SSV Toshkentda ikki oylik chaqaloq qo‘li amputatsiya qilinganiga izoh berdi

Shifokorlarining noto‘g‘ri muolajasi oqibatida 2 oylik chaqaloqning qo‘llari kesib tashlangani haqida xabarlar tarqalmoqda.

'SSV Toshkentda ikki oylik chaqaloq qo‘li amputatsiya qilinganiga izoh berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlarining noto‘g‘ri muolajasi oqibatida 2 oylik chaqaloqning qo‘llari kesib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan SSV quyidagilarni ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 2024 yil 9 dekabr kuni soat 15:30 lar atrofida poytaxtimizning Shayxontohur tumanida yashovchi 2024 yilda tug‘ilgan qizaloq H.J. ota-onasi tomonidan Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasiga tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, xirillash, hansirash, bezovtalik va holsizlik kabi shikoyatlar bilan olib kelingan.

Bemor zudlik bilan navbatchi shifokor N.Sultanova tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Dastlabki tekshiruv davomida unga “Shifoxonadan tashqari pnevmoniya” tashxisi qo‘yilgan. Bemorning ahvoli shifokorlar tomonidan og‘ir deya baholanib, darhol muassasaning chaqaloqlar va chala tug‘ilgan chaqaloqlar patologiyasi bo‘limiga  gospitalizatsiya qilingan.

Shuningdek, bo‘limda gematolog, angioxirurg, bolalar jarrohi, neonatal-jarroh kabi tor soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha va klinik tibbiy tekshiruvlar natijasida bemorga “Asosiy: Sepsis. Septitsemiya. Covid-19 etiologiyali shifoxonadan tashqari pnevmoniya” asosiy tashxisi hamda “Tug‘ma yurak nuqsoni-bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni” kasalligi va uning asorati bo‘lgan “Nafas yetishmovchiligi 1-2-daraja. Yurak-qon tomir yetishmovchiligi 1-2-a darajasi” tashxisi qo‘yilgan.

Muassasada davolanish vaqtida qizaloqda “Chap tomonlama yelka arteriyasi tromboemboliyasi. Chap qo‘l va chap qo‘l panjasida qon aylanishining 3-a darajali o‘tkir buzilishi, poliorgan yetishmovchiligi” kuzatilgan.

Shu bois bemor hayotini saqlab qolish maqsadida amputatsiya o‘tkazishga qaror qilingan va ota-onasining roziligi bilan unda jarrohlik aralashuvi amalga oshirilgan. Hozirda chaqaloqning ahvoli stabil holatda.

Ayni paytda mazkur holat Cog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘liq nazoratga olinib, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Yakuniy xulosalar bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

    Boshqa yangiliklar