Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uch yil oldin bu borada katta dastur qilingani bugun natijasini berayapti. Servis sohasida qo‘shimcha 1,5 million aholi doimiy daromadga ega bo‘ldi. Xizmatlar miqdori 2018 yildagi 19 milliard dollardan 65 milliard dollarga oshdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, ta’lim va tibbiyot sohalarida “katta sakrash” bo‘ldi.
Bular yaxshi, albatta. Lekin imkoniyatlar bundan juda ko‘p. Ularni hayotga tatbiq etishda hudud va sohalarda yaxlitlik yo‘q.
Masalan, Xorazmga 6 million turist jalb etish reja qilingan. Lekin buning uchun samolyot va poyezdlar qatnovi yetarli emas. Tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar 20 milliard dollardan oshgan. Ammo ichimlik suvi, kanalizatsiya va yo‘l qurilishida bunday loyihalar deyarli yo‘q.
Yig‘ilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, hudud va sohalardagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi yetti yilda aholi daromadi va to‘lov qobiliyati 2 karra o‘sgani natijasida xizmatlarga talab ortayotgani qayd etildi. Buning uchun vazirlar va hokimlar xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha har kuni izlanib, tadbirkorlarga yo‘l ochishi kerakligi ta’kidlandi.
Bu yil xizmatlar hajmini 15 foizga oshirib, 82 milliard dollarga, eksportini esa 8,5 milliard dollarga yetkazish, sohada 2,5 million odamni daromadli qilish mo‘ljallangan.
Eng katta imkoniyat bank-moliya sohasida. Jumladan, developerlarga yangi mavzelar hududining 10-15 foizini noturar joyga o‘tkazishga ruxsat berilgan. Bundan samarali foydalanish maqsadida, banklar orqali developerlardan mulklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish va tadbirkorlarga qulay shartlarda ijara yoki lizingga berish taklifi bildirildi. Bu orqali 50 ming kvadrat metr noturar joylar muomalaga kirishi, 100 ming ish o‘rni yaratilishi mumkin.
Moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Mahalla bankirlari ish boshlab, aholiga yaqinlashtirilgani bunda qo‘shimcha imkoniyat. Xususan, odamlar ko‘p murojaat qiladigan kadastr, soliq, adliya ma’lumotlarini banklarning axborot tizimi bilan bog‘lash xizmatlar hajmini oshiradi.
Bu yildan tumanlarda servisni rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi. Bu borada 1 ming 156 ta drayver loyiha mahalliy kengashlarda tasdiqlandi. Ularning infratuzilmasiga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Jumladan, joriy yilda 72 ta sohil bo‘yi dam olish maskanlari, tunu kun ishlaydigan 154 ta turizm va gastronomik ko‘chalar tashkil etiladi. 62 ta istirohat bog‘i zamonaviy qiyofaga keltiriladi. 364 ta yo‘l bo‘yi va boshqa servis obyektlari barpo qilinadi.
Ikki yil oldin savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangan edi. O‘tgan davrda korxonalar soni 1,5 karra oshgan. Muhimi, ko‘p tadbirkorlar “soya”dan chiqib, oylik maoshni to‘g‘ri ko‘rsatishga o‘tgani natijasida ish haqi 3,2 karra ko‘payib, qo‘shimcha 2,1 trillion so‘m soliq tushgan.
Shularni inobatga olib, mazkur imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirish taklifi ma’qullandi. Endi, bu imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 million so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga qo‘llanadi. Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasi tuzishi mumkin bo‘ladi.
So‘nggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmatlari xususiy sektorga berildi. Lekin vazirliklar tizimida tadbirkorlar qila oladigan xizmatlar hali ko‘p. Bu yil yana 29 ta davlat xizmati xususiy sektorga o‘tkazilishi aytildi.
Yer uchastkalari va davlat mulkini ijaraga olish yoki xususiylashtirish bo‘yicha ochiq, shaffof, manfaatli shartlarni ishlab chiqish hamda tadbirkorlarga e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 20 dekabrda imzolangan hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimiga oid farmoni bu borada katta imkoniyat yaratdi. Unga ko‘ra, bu yil 1 martdan boshlab, 10 ming kvadratgacha bo‘lgan va 6 oy davomida sotilmagan tumanlardagi davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. To‘rt yil davomida ijara haqi vaqtida to‘lansa, bu joy tadbirkorga xususiylashtirib beriladi. Yoshlarni IT va chet tiliga o‘qitib, xalqaro sertifikat beradigan tadbirkorlar birinchi yil ijara to‘lamaydi.
Davlatimiz rahbari masofaviy xizmatlar eksportini yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun xorijiy davlatlardagi xizmatlar bozori va talablarni o‘rganib, shunga mos mutaxassislar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Bu yil kreativ iqtisodiyotdagi startap loyihalar uchun 50 million dollar ajratilgan. Bu orqali yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, chet el kompaniyalarida ishlayotgan yurtdoshlarimizni jalb etish maqsad qilingan.
Umuman, joriy yilda IT xizmatlari hajmini 30 foiz o‘stirib, 80 trillion so‘mdan, eksportini 1 milliard dollardan oshirish imkoniyati borligi aytildi. Hudud va tarmoqlardagi xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Servisni rivojlantirishda qulay transport infratuzilmasi juda muhim. O‘tgan yili transport xizmatlari 8,6 foizga o‘sib, 145 trillion so‘mni tashkil qildi. Lekin, yuqori iqtisodiy o‘sish uchun bu yetarli emas.
Shu bois mamlakatimiz shaharlari o‘rtasida samolyot va poyezd qatnovlarini ko‘paytirish, multimodal logistika markazlari qurib, tranzit yuk ulushini oshirish, taksilarga qulaylikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Bular orqali joriy yilda transport xizmatlari hajmini 185 trillion so‘mga, eksportini 2,3 milliard dollarga olib chiqish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xizmat yo‘nalishida eng katta soha bu turizm. So‘nggi yillarda 90 dan ortiq davlatlar bilan aloqalar yaxshilangani natijasida xorijlik sayyohlar qariyb 4 karra oshdi. O‘tgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar bo‘ldi.
Lekin mamlakatimizning salohiyati bundan ancha yuqori. Masalan, Malayziya va indoneziyalik musulmoqlar Umraga borishdan oldin allomalarimiz qabrini ziyorat qilishni xohlaydi. Ular uchun “Umra plyus” xizmati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Xiva va Toshkentdagi turistik majmualarda xalqaro konsert va forumlar o‘tkazish ko‘pchilikni o‘ziga tortadi. Tashrif buyuruvchilar mehmonxona, restoran, savdo va boshqa ko‘ngilochar maskanlarga ham mijoz bo‘ladi.
Ijtimoiy sohalarda ham imkoniyatlar ko‘p. Masalan, o‘tgan yili “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu xorijiy fuqarolarni davolash va eksportni oshirish uchun qulaylik.
So‘nggi sakkiz yilda 125 ta yangi oliy ta’lim tashkiloti ochilgan. Lekin bu sohadagi eksport imkoniyatlarga mutlaqo mos emas. Yoki bo‘sh turgan ayrim madaniyat va san’at markazlarini ham xususiy sektorga berish mumkin.
Yig‘ilishda Prezidentimiz mutasaddi va tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Soha mas’ullari bu yil hududlarda 2 million 500 ming aholini band qilish rejalari yuzasidan axborot berdi.