AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida ona 8 yoshli bolasining qo‘llarini ruxsatsiz shirinlik yegani uchun kuydirdi

Ayolga nisbatan jinoiy ish ochilib qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

'Toshkent viloyatida ona 8 yoshli bolasining qo‘llarini ruxsatsiz shirinlik yegani uchun kuydirdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida ona uydagi shirinlikni ruxsatsiz yegan bolasining qo‘lini kuydirgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2024 yilning 30 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. 34 yoshli ayol X.A. 8 yoshli o‘g‘li B.A.ni uydagi shirinliklarni ruxsatsiz yegani sababli barmoqlari orasi va boshqa tana a’zolariga paxta tiqib yoqqan.

Ayol bu ishni farzandini go‘yoki jazolash maqsadida qilganini bildirgan. Oqibatda bola tanasida 1 va 2-darajadagi kuyish yuzaga kelib yengil tan jarohati olgan.

Olmaliq shahar IIB tomonidan X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi "a" bandi (Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qiynash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq ayol yashiringan va unga qidiruv e’lon qilingan.

7 fevral kuni ayol protsessual tartibda ushlanib, unga tegishli sud ajrimi asosida qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, sudda ayblov o‘z isbotini topsa, gumonlanuvchi 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini olishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar