So‘nggi paytlarda ayrim firibgar shaxslar O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyada yuqori maoshli ish taklif qilib (asosan fuqarolarning tanish-bilishlari orqali), ularni aldash holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar qilib, ogohlantirish bilan chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxslar ishga joylashish, uy-joy va qonuniy hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha yolg‘on va’dalar berib, vatandoshlarimizni og‘ir ahvolga solmoqda.
"Agar siz noqonuniy mehnat faoliyatini boshlasangiz yoki firibgarlar tomonidan aldansangiz, quyidagi muammolarga duch kelishingiz mumkin:
Ish haqi va’da qilinganidan ancha kam to‘lanishi yoki umuman berilmasligi
Ish sharoitlari og‘ir yoki yomon bo‘lishi
Ish beruvchi tomonidan noqonuniy ekspluatatsiya va haqorat
Turkiyada noqonuniy mehnat qilish oqibatida deportatsiya va jarimalar
Turkiyaga kelganingizdan so‘ng, ayeroportda kutib olish va’da qilinib, pulingiz o‘zlashtirilgandan keyin vositachining g‘oyib bo‘
Yuqoridagi holatlarda vatandoshlarimiz va ish taklif qilgan shaxslar o‘rtasida hech qanday rasmiy hujjat mavjud bo‘lmaganligi sababli, firibgarlarni javobgarlikka tortish juda qiyin bo‘ladi.
Turkiyada ishlash uchun chet ellik fuqarolar maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lishlari shart.
Ish izlash uchun faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (www.migration.uz) yoki litsenziyaga ega rasmiy agentliklarga murojaat qiling!
Turkiyaga noqonuniy yo‘llar bilan kelmang va ishonchsiz shaxslarga pul bermang!
Ish sharoitlari, ruxsatnomalar va maosh bo‘yicha rasmiy hujjat talab qiling!
O‘zingiz va yaqinlaringizni firibgarlardan ehtiyot qiling! Ishga faqat rasmiy yo‘llar bilan joylashing!" - deyiladi xabarda.