AsosiyJAMIYAT

Osiyo mundialni mag'lubiyatsiz boshladi

Endi navbat O'zbekistonga.

'Osiyo mundialni mag'lubiyatsiz boshladi'ning rasmi

AQSh, Meksika va Kanada mezbonsigida o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining dastlabki uchrashuvlari bir qator kutilmagan natijalar va qiziqarli voqealarga boy bo‘lmoqda. E’tiborli jihati shundaki, hozirga qadar maydonga tushgan Osiyo terma jamoalarining birortasi ham mag‘lubiyatga uchragini yo‘q.

Qit’a vakillaridan dastlab Janubiy Koreya terma jamoasi Chexiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Qatar esa Shveytsariyaga qarshi kechgan bahsning so‘nggi daqiqalarida gol urib, 1:1 hisobidagi durangni saqlab qoldi.

Shu tariqa Osiyo jamoalari mundialni mag‘lubiyatsiz boshladi. Bugun, 15 iyun kuni esa qit’aning yana ikki vakili — Saudiya Arabistoni hamda Eron milliy terma jamoalari o‘z ishtirokini boshlaydi.

Musobaqaning dastlabki kunlarida ayrim favoritlar ham qiyinchilikka duch keldi. Xususan, Braziliya Marokash bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Yaponiya va Niderlandiya o‘rtasidagi bahs ham g‘olibni aniqlamadi — 2:2. Germaniya esa Kyurasao ustidan 7:1 hisobida yirik g‘alabaga erishib, turnirdagi eng ishonchli startlardan birini qayd etdi.

Hozircha guruhlardagi raqobat kutilganidan ham keskin kechmoqda. Birin turning o‘ziyoq bir qator jamoalarning pley-off uchun jiddiy da’vogar ekanini ko‘rsatib berdi.

Ayni paytda o‘zbek futbol muxlislarining asosiy e’tibori O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qaratilgan. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda.

"Oq bo‘rilar" mundialdagi birinchi uchrashuvini 17 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 18 iyun kuni soat 07:00 da boshlanadi. Bahs Mexiko shahridagi mashhur "Aczteka" stadionida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston K guruhidan joy olgan bo‘lib, raqiblar sifatida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi. Mutaxassislar Kolumbiya va Portugaliyani guruh favoritlari sifatida baholayotgan bo‘lsa-da, saralash bosqichidagi muvaffaqiyatli ishtirok hamda tarkibdagi iqtidorli futbolchilar O‘zbekistonning imkoniyatlarini ham yuqori baholashga asos bo‘lmoqda.

Kolumbiyaga qarshi bahs guruhdagi keyingi taqdir uchun muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Ijobiy natija O‘zbekistonning pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

48 ta jamoa ishtirok etayotgan yangi formatdagi Jahon chempionati hozirning o‘zidayoq yuqori raqobat va intriga namoyish etmoqda. Marokashning Braziliyadan ochko tortib olishi, Yaponiyaning Niderlandiyaga qarshi muvaffaqiyatli o‘yini va Janubiy Koreyaning g‘alabasi turnirda favoritlar uchun ham oson o‘yinlar qolmaganini ko‘rsatmoqda.

Ana shunday sharoitda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham mundial tarixida o‘z sahifasini yozish imkoniyatiga ega. Bu nafaqat o‘zbek futboli, balki butun Markaziy Osiyo futboli uchun ham tarixiy voqea bo‘lishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar