AsosiyJAMIYAT

Bankomatdagi nosozliklar uchun banklar jarimaga tortiladi

Timur Ishmetovning aytishicha, 2025-yilda bankomatlar orqali jami 341 million operatsiya amalga oshirilgan bo‘lib, muammoli tranzaksiyalar ulushi 0,08 foizni tashkil etgan.

'Bankomatdagi nosozliklar uchun banklar jarimaga tortiladi'ning rasmi

O'zbekistonda bankomatlar orqali naqd pul echib olish jarayonida yuzaga keladigan nosozliklar uchun banklarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo'llaniladi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Senat yalpi majlisida ma'lum qildi.

Majlis davomida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisi Qutbiddin Burxonov 2025 yil davomida bankomatlar orqali naqd pul echish bilan bog'liq texnik nosozliklar yuzasidan 290 mingta holat qayd etilganini bildirdi. Shuningdek, mazkur muammolar sababli 3 mingdan ortiq fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilgani qayd etildi.

Timur Ishmetovning aytishicha, 2025 yilda bankomatlar orqali jami 341 million operatsiya amalga oshirilgan bo'lib, muammoli tranzaksiyalar ulushi 0,08 foizni tashkil etgan.

Uning ta'kidlashicha, nosozliklarning katta qismi banklar faoliyati bilan bog'liq emas. Jumladan, holatlarning bir qismi bankomatlarda zarur nominaldagi kupyuralarning mavjud emasligi, kartaning bloklanishi yoki PIN-kodning noto'g'ri kiritilishi bilan bog'liq. Shuningdek, aloqa va elektr ta'minotidagi uzilishlar ham muammolarga sabab bo'lmoqda.

Markaziy bank raisiga ko'ra, bevosita banklar va to'lov tizimlari operatorlari faoliyati bilan bog'liq holatlar umumiy muammolarning taxminan 15 foizini tashkil etadi.

Qayd etilishicha, Markaziy bank tomonidan bankomatlar bilan bog'liq muammolarni tezkor hal etishga qaratilgan bir qator me'yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan. Ularning biri joriy yilning 6 avgustida kuchga kiradi.

Mazkur hujjatga muvofiq, bankomatlar orqali xizmat ko'rsatish jarayonida mijozlar huquqlarini buzish yoki belgilangan talablarga rioya etmaslik holatlari uchun tijorat banklariga nisbatan moliyaviy sanktsiyalar qo'llaniladi.

Shuningdek, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini baholovchi maxsus indeks joriy etilishi rejalashtirilgan. Uning natijalari asosida eng past ko'rsatkich qayd etgan banklar ochiq e'lon qilib boriladi.

    Boshqa yangiliklar