Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportida Saudiya Arabistoniga ziyorat turlarini tashkil etuvchi turistik kompaniyalar uchun cheklovlar joriy etilgani haqida videolar tarqaldi. Holatga Uzbekistan Airports oydinlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, "Toshkent" aeroporti va “Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi tomonidan turistik firmalar va yo‘lovchilarga nisbatan hech qanday cheklovlar kiritilmagan.
Aviachiptaga ega barcha yo‘lovchilar tegishli reyslarga o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hozirgacha Saudiya Arabistoniga amalga oshirilayotgan ikki reys bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayoni yakunlandi:
- “Flyadeal” aviakompaniyasining Toshkent – Jidda yo‘nalishi bo‘yicha F39223 reysi: 352 yo‘lovchi, rejalashtirilgan jo‘nash vaqti 19 fevral soat 00:10
- “Centrum Air” aviakompaniyasining Toshkent – Jidda yo‘nalishi bo‘yicha C6 319 reysi: 176 yo‘lovchi, rejalashtirilgan jo‘nash vaqti 19 fevral soat 00:20.