Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan yer maydonini noqonuniy rasmiylashtirish bilan bog‘liq holat fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan. U Yangiyo‘l tumanida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1,5 gektar yer maydonini arxitektura hamda kadastr tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Evaziga esa 750 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu shaxs so‘ralgan mablag‘ning bir qismi sifatida oldindan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






