O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan ilmiy kengashning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari rahbarlari hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor Markazning kirish foyesida joylashtiriladigan mahobatli rang-tasvir asarlariga qaratildi. Davlatimiz rahbari joriy yil 29 yanvar kuni ushbu markazga tashrif buyurib, mazkur asarlar yuzasidan tegishli tavsiyalar bergan edi.
Muhokamalar davomida ravoqlarda Islom olamining buyuk vakillari – Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abullays Samarqandiy siymosini aks ettirish masalasi ko‘rib chiqildi. Hozirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari hamda taniqli rassomlar tomonidan bu borada ilmiy va badiiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda, shuningdek, tarixiy shaxslarning nafaqat mamlakatimiz, balki jahon ilmiy va madaniy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga ham alohida urg‘u berish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois, Birinchi Renessans davridan XX asrgacha bo‘lgan yirik allomalarning siymosini aks ettirish rejalashtirilgan.
Ayni paytda ravoqlarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Bahovuddin Naqshband, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk shaxslarning portretlari tayyorlanmoqda.