AsosiyDunyo

Janubiy Koreya prezidenti harbiy holat joriy etgani uchun fuqarolardan uzr so‘radi

“Harbiy holat davlat va xalq manfaatlarini ko‘zlab e’lon qilingan edi”, - dedi Yun Sok Yol Konstitutsiyaviy suddagi so‘nggi so‘zida.

'Janubiy Koreya prezidenti harbiy holat joriy etgani uchun fuqarolardan uzr so‘radi'ning rasmi

Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol mamlakati fuqarolaridan o‘tgan yilning dekabr oyida harbiy holat joriy etilishi sababli yuzaga kelgan noqulayliklar uchun kechirim so‘radi.

U impichment bo‘yicha ish ko‘rilayotgan Konstitutsiyaviy sudda so‘nggi so‘zida xalqidan uzr so‘ragan.

Prezident nega harbiy holat joriy etishga buyruq berganini izohlar kan, bu “davlat va xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda” amalga oshirilganini aytdi.

“Harbiy holat davlat va xalq manfaatlarini ko‘zlab e’lon qilingan edi, biroq bu jarayon  siz, aziz fuqarolarimiz orasida noqulaylik va sarosimaga sabab bo‘ldi, buning uchun chin dildan uzr so‘rayman”, — dedi Yun Sok Yol.

Prezident ushbu hodisadan "chuqur og‘riq va aybdorlik" hissini tuyganini ta’kidlab, uni qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 3 dekabridan 4 dekabriga o‘tar kechasi Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy qilgan, bir necha soatdan keyin parlament uni bekor qilgan edi.

Yun Sok Yolga ishonchsizlik va korrupsiyada shubhalanish aslida prezident rafiqasining qimmatbaho sumkachani sovg‘a sifatida olganidan boshlangan edi. Bu haqda avvadroq batafsil ma’lumot bergan edik.

14 dekabr kuni parlament Yun Sok Yolga impichment e’lon qildi va endi uning taqdirini Konstitutsiyaviy sud hal qiladi.

Agar sud prezidentni lavozimidan chetlasa, yangi davlat rahbari uchun saylovlar 60 kun ichida o‘tkazilishi kerak.

Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar