AsosiyDunyo

Isroil Suriya janubiga havo hujumi uyushtirdi

Isroil mamlakat poytaxti Damashqdan 20 km janubda joylashgan Kisve shahriga, shuningdek, Suriya janubidagi Dara viloyatiga hujum qilgan.

'Isroil Suriya janubiga havo hujumi uyushtirdi'ning rasmi

Bugun, 26 fevralga o‘tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlari Suriya hududiga zarbalar berdi. Bu haqda Isroil Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Vazirlik hujumlar mamlakat janubidagi harbiy nishonlarga, jumladan, jangarilar shtab-kvartirasi va qurol-yarog‘ omborlariga qarshi qaratilganini ko‘rsatdi.

“Isroil Harbiy-havo kuchlari Suriya janubini tinchlantirish bo‘yicha biz belgilagan yangi siyosat doirasida Suriya janubiga kuchli zarbalar bermoqda – va bu xabar aniq: biz Suriya janubining Livan janubiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Suriya rejimi kuchlari va mamlakatdagi terror tashkilotlarining Suriya janubidagi xavfsizlik zonasida nazorat o‘rnatishga qaratilgan har qanday urinishlari o‘t ochish bilan kutib olinadi”, deydi Isroil Mudofaa vaziri Isroil Katsning rasmiy vakili.

“Reuters” agentligining mahalliy aholi, xavfsizlik manbalari va mahalliy Suriya telekanaliga tayanib xabar berishicha, 26 fevralga o‘tar kechasi Isroil mamlakat poytaxti Damashqdan 20 km janubda joylashgan Kisve shahriga, shuningdek, Suriya janubidagi Dara viloyatiga hujum qilgan.

Mahalliy aholiga tayanib, “Reuters” axborot agentligining xabar berishicha, shahar ustidan uchayotgan samolyotlar va bir necha portlashlar Damashqning o‘zida ham eshitilgan.

2024 yil dekabrida, Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng, Isroil quruqlikdagi kuchlari 1973 yildagi Yom Kipur urushidan keyin birinchi marta qurolsizlantirilgan chegara zonasini kesib o‘tib, Suriya hududiga ochiqchasiga bostirib kirdi. Suriya Isroil mudofaa kuchlarining mamlakat janubiga kirishini qoralagan va bu qo‘shinlarni olib chiqib ketishni talab qilgan.

23 fevral kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uning mamlakati Asadni ag‘dargan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi va unga aloqador har qanday kuchlarning Suriya janubida bo‘lishiga toqat qilmasligini aytdi va hududni qurolsizlantirishni talab qildi.

    Boshqa yangiliklar