G‘azo sektorida sog‘liqni saqlash tizimini tiklash uchun kamida 7 milliard dollar talab etiladi.
BMT Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq tiklash uchun kamida 7 milliard dollar mablag‘ zarur.
JSSTning Falastin hududlari bo‘yicha vakili Rik Peperkornning ma’lum qilishicha, hududdagi tibbiy infratuzilma jiddiy shikastlangan, kasalxonalarning aksariyati faoliyat yurita olmayapti, hamshira va shifokorlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
"G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash muassasalarining aksariyati vayron bo‘lgan yoki jiddiy zarar ko‘rgan. Bu esa aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda katta muammolarni keltirib chiqarmoqda", — dedi Peperkorn.
Uning aytishicha, hozirgi paytda G‘azodagi 36 kasalxonadan taxminan 18 tasi qisman qayta ishga tushirilgan. Shuningdek, beshta dala kasalxonasi ham ishlamoqda. Bunga Falastin tibbiyot xodimlari va hamkorlarining fidoyiligi va matonati sabab bo‘ldi. Ular bosqinchi Yahudiy davlati armiyasining muntazam va vayronkor zarbalari ostida ham yaradorlar va bemorlarga yordam berishdan to‘xtamadi.
Buyuk Britaniyaning Guardian gazetasi yozishicha, Isroil armiyasi G‘azo sektorida 46000 tinch aholi vakillarini (ularning aksariyati ayollar va bolalar), 400 ga yaqin tibbiyot xodimini o‘ldirdi. Shuningdek, 160dan ziyod tibbiyot xodimlari turli bahonalar bilan Isroil qamoqxonalariga tashlandi va ular hamon ozod qilinmagan. Bu mahbuslar muntazam qiynoqqa solinmoqda. Shuningdek, 30 ga yaqin tibbiyot xodimi bedarak yo‘qolgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shifokor tutqinlarning salomatligi va xavfsizligi borasida chuqur tashvish izhor qilgan xolos.
Doktor Peperkornning aytishicha, barcha sohalar, jumladan, sog‘liqni saqlash uchun ham o‘t ochishni to‘xtatish va barqaror tinchlik jarayoniga o‘tish muhim edi.Uning ta’kidlashicha, tibbiyot sohasini tiklash nafaqat moliyaviy resurslarni, balki butun dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini talab qiladi. JSST xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektorida tibbiy yordamni kengaytirish va tezkor tiklash jarayonini moliyalashtirishga chaqirdi.
Abdulloh Sayyid