Toshkent shahri issiqlik ta’minoti operatori isitish va issiq suv xizmatlari uchun oldindan to‘lov qilish tartibi o‘zgarganini ma’lum qildi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, avans to‘lovi amalga oshirilganda amaldagi tarifni saqlab qolish muddati 12 oydan 2 oygacha qisqartirildi. Ilgari iste’molchilar bir yillik to‘lovni oldindan amalga oshirib, tarif oshgan taqdirda ham eski narxdan foydalanishi mumkin edi.
Endilikda esa to‘lov qilingan paytdagi tarif faqat oldindan to‘langan xizmat hajmi uchun va ikki oy davomida amal qiladi. Agar shu muddat ichida tariflar o‘zgarsa, qayta hisob-kitob qilinmaydi.
Ikki oylik imtiyozli davr tugagach esa barcha hisob-kitoblar amaldagi tariflar asosida yuritiladi. Shu bois tariflar oshishidan himoyalanish maqsadida bir yillik avans to‘lovini amalga oshirish amaliyoti o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar markazlashtirilgan isitish va issiq suv ta’minoti xizmatlariga taalluqli bo‘lib, aholiga shaxsiy xarajatlarni rejalashtirishda yangi tartibni inobatga olish tavsiya etildi.






