AQSH-Kanada savdo munosabatlaridagi keskinlik ortidan, Kanada do‘konlari AQSH mahsulotlarini o‘z rastalaridan olib tashlashni boshladi. Jumladan LCBO ichimliklar do‘konlari tarmog‘i hamda Ontario shahridagi bir qator boshqa do‘kon va restoranlar AQSH mahsulotlaridan voz kecha boshladi. Bu holat Kanada iste’molchilarining AQSH mahsulotlariga bo‘lgan nafratini ifodalayotgani aytilmoqda. Kanada "Americano" qahvasi nomini "Canadiano" deb o‘zgartirdi.
Ontario hokimi Dag Fordning aytishicha, Ontario spirtli ichimliklarni nazorat qilish kengashi Donald Trampning Kanada mahsulotlariga nisbatan joriy etgan keng qamrovli tariflariga qarshi "qasos olishning birinchi bosqichi" doirasida Amerikadan kelib chiqqan 3600 dan ortiq mahsulotni olib tashlamoqda.
"Eksklyuziv ulgurji sotuvchi sifatida Amerika brendlari endi LCBO assortimentida mavjud bo‘lmaydi, bu provinsiyadagi boshqa chakana sotuvchilar, barlar va restoranlar ham endi Amerika mahsulotlarini saqlay olmaydi", dedi Ford seshanba kuni tushdan keyin jurnalistlarga.
“Bu amerikalik ishlab chiqaruvchilar uchun katta zarba. "Har yili LCBO AQSHdan 1 milliard dollarga yaqin sharob, pivo, sidr va spirtli ichimliklar, shu jumladan 35 shtatdan 3600 dan ortiq mahsulotlarni sotib olar edi", degan Ford.
"Kanada va Ontario bu savdo urushini Prezident Tramp kabi birinchi boshlamadi, ammo Kanada jamoasi unda g‘alaba qozonishga tayyor", degan Ontario rahbari.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Trampning Kanada, Meksika va Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga yangi boj tariflari joriy etishi ortidan, Kanada hukumati AQSH mahsulotlariga nisbatan 25 foizlik bojlarni e’lon qilgan edi.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ushbu choralarni "adolatli" deb atab, AQSHning boj tariflari "asossiz" ekanligini ta’kidlagan. U, shuningdek, AQSH iste’molchilari uchun zaruriy mahsulotlar narxi oshishi, savdo munosabatlarining izdan chiqishi va ish o‘rinlari yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Mutaxassislar ushbu o‘zaro iqtisodiy keskinlik Kanada va AQSH iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, narxlarning oshishi va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Tramp esa Kanada bu bojlarsiz savdo qilishni istasa, AQSH tarkibiga kirishi kerakligini, agar Kanada javob tariqasida bojlarni oshirsa, AQSH ham yana oshirishini ta’kidlayapti.
Kanada rahbari Jastin Tryudo esa Kanada hech qachon AQSH tarkibiga kirmasligini aytgan.
Abdulloh Sayyid