"Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida" Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, respublikadagi mavjud 8 milliondan ortiq turar va noturar joylar, 7 millionga yaqin yer uchastkalarining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlash;
ko‘chmas mulk obektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta’minlash;
ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va davriy ravishda yangilanib boradigan axborot bazani yaratish;
soliq solishda adolatlilik tamoyilini yanada keng joriy etish amalga oshiriladi.
2025 yildan boshlab bosqichma-bosqich barcha ko‘chmas mulk obektlari ularning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlash maqsadida davriy ravishda ommaviy baholashdan o‘tkaziladi.
Ommaviy baholash ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi:
2025–2026 yillarda – eksperiment tariqasida Toshkent shahrida;
2026–2027 yillarda – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida;
2027 yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda.
Shuningdek, Farmonga ko‘ra Kadastr agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 30 nafardan iborat bo‘lgan, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etildi.