Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning turli hududlariga, jumladan, Moskvaga qarshi eng yirik dron hujumini amalga oshirdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi hisobotiga ko‘ra, 11 martga o‘tar kechasi Rossiya bo‘ylab jami 337 ta ukrain droni urib tushirilgan.
Moskva meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan, taxminan, 4:30 dan 7:00 gacha shahar yaqinida 74 ta dron urib tushirilgan. Domodedovodagi “Miratorg” distribyutor markazining qo‘riqchisi dron qoldiqlari tushishi natijasida halok bo‘ldi. Dron avtomashinalar turar joyiga qulagan va yong‘in chiqib, 20 ta avtomobil yonib ketgan. Xodim mashina yaqinida bo‘lgan. Bundan tashqari, Vidnoye va Domodedovodagi hujumlar oqibatida uch kishi jarohat oldi.
Podmoskove gubernatori Andrey Vorobyovning so‘zlariga ko‘ra, Ramenskoyedagi ko‘p qavatli uyga dron qoldiqlari tushib, 19-dan 22-qavatgacha bo‘lgan kamida yetti xonadon zarar ko‘rgan. U yerdan 12 kishi, jumladan, 3 nafar bola evakuatsiya qilingan.
Domodedovo stansiyasida dron qoldiqlari temir yo‘l infratuzilmasiga ham zarar yetkazgan. Qurbonlar yo‘q, lekin ta’mirlash ishlari olib borilmoqda va Moskvaga poyezdlar harakati kechikmoqda.
Jukovskiy va Domodedovo aeroportlarida esa “kovyor” rejimi joriy qilingan, bu parvozlar uchun vaqtinchalik cheklovlarni anglatadi.