Ba`zan hayotingiz izmingizda emasdek tuyuladi, allaqanday bir oqim bo`ylab shunchaki oqayotganga o`xshaysiz. Ayniqsa, inson bir yoshga ulg`ayganda, buni yaqqolroq his qiladi. Nahotki, shunchaki hasdek oqib o`tish uchun dunyoga kelgan bo`lsangiz? Aslo! Bugungi kuningiz qaytib kelmaydi. Demak, vaqtni boy bermang, hoziroq baxtli yashashingizga xalaqit berayotgan odatlardan xalos bo`lish yo`lini izlang.
Masalan,
1. Tabassum qilishingiz va rivojlanishingiz uchun xalaqit berayotgan narsalardan kechib, unutib yuboring. Hayotga chidash emas, undan lazzatlanib yashash kerak. Harakatlanishingiz uchun rag`bat beradigan yo`ldan boring. Istasangiz, uddasidan chiqasiz.
2. Ayrim qarashlarni o`zingiz bilan olib yurmay, o`tmishda qoldirganingiz ma`qul. Masalan, odamlarning yolg`onchiligi, xiyonati, hayotning shafqatsizligi haqidagilarni. Zero, odamlar o`zgaruvchan, hayot esa taraqqiyotdadir.
3. Atrofdagilarning siz haqingizdagi fikrlari haqida o`ylashni bas qiling. O`z hayotingiz hikoyasini o`zingiz yozasiz, bu jarayonda teleseriallar, filmlar, o`qilgan asarlaru ijtimoiy tarmoqdagi sharhlar emas, faqat o`zingiz ishtirok etishingiz kerak.
4. Muammolardan qochishga moyilligingizni yo`qoting. Ming chap bermang, taqdirdan qochib qutulolmaysiz. Muammolarni HAL QILISh kerak.
5. Nolishni bas qiling. Sizga biror narsa yoqmayaptimi, uni o`zgartiring. Vaziyatni o`zgartirolmasangiz, unga bo`lgan munosabatingizni o`zgartiring.
6. O`zingizni oqlamang. Biror ishni amalga oshirmoqchi bo`lsangiz, buning yo`lini, albatta, topasiz. Qilishni istamasangiz, albatta, bahona izlashga tushasiz.
7. Erinchoqlikni bas qiling. Bir odam doim tinmay mehnat qilsa, buni e`tirof etmay ilojingiz yo`q. O`sha mehnatkash inson o`zingiz bo`ling. Hayot istaganlarimizni emas, sazovor bo`lganlarimizni beradi.
8. Bir xatoni takrorlayvermang. Xatoni bir marta takrorlasangiz, balki, bu shunchaki tajribasizlikdir. Ammo ikkinchi, uchinchi marta takrorlayversangiz, bu endi xato emas, odat, sizning tanlovingizdir.
9. Faqat o`tmishdagi baxtli kunlarni o`ylayvermay, kelajakka umid bilan boqishni o`rganing. Hayot o`tmish emas, kelajakdir. O`tmish esa faqat xotira. Shu onda, shu erda yashashga o`rganing!
10. Doim istagan narsamga erishaman, deb o`ylamang. Ba`zan muvaffaqiyatsizliklar ham bir natijadir. Ular sizga saboq beradi, sizni tarbiyalaydi.
11. Boshqalarning sizdan omadliroq ekani haqida o`ylamang. Hech kim muvaffaqiyatga oson erishmaydi, hammada ham muammolar bor. Agar ular o`z muammolarini sizga ayta boshlashsa, qochgani joy topolmay qolishingiz mumkin.
12. Qulay fursatni kutib yashamang, uni o`zingiz yarating. Aks holda, butun umringiz kutishdan iborat bo`lishi mumkin.
13. Qiyinchiliklar, noqulayliklardan qo`rqish odatingizni tashlang. Har qanday taraqqiyot qulayliklaringiz tugagan joydan boshlanadi.
14. Hammasini boshidayoq bilishim kerak edi kabi o`ylardan voz keching. Oldinga intilayotgan odam hamma natijalarni bilishi imkonsiz, shart ham emas. Shunchaki, ishingizni avvalgidan yaxshiroq bajarishga intiling.
15. Xatolaringizni o`tmishda qoldiring, ularni bo`yningizga tumor qilib osib yurmang. Aksincha, oyog`ingiz ostiga ularni taxlab, pillapoya yasang, toki yuqoriroq ko`tarilish imkoningiz bo`lsin.
16. Kundalik qiyinchiliklarning sizni engishiga yo`l qo`ymang. Og`ir kunlar insonni yuksaltiradi, toblaydi. Ishonchni yo`qotmang. Buyuk ishlarning boshi doim qiyin kechadi.
17. Noshukurlikni unuting. Baxt borini qadrlay biladiganlarga nasib etadi. Damak, bugungi kuningizga shukrona ayting. Hayot mukammal bo`lishga majbur emas, shunchaki yaxshi bo`lishi mumkin.
18. O`zingizni baxtsiz his etishingizga sabab bo`layotgan bahonalaringizni unuting. Baxtsiz bo`lishga sabablar qidirishni bas qiling. Boringizni qadrlang.
19. Xudoni faqat boshga balo kelganda emas, yaxshi kunlarda ham eslang. Zero, quyosh ham, yomg`ir ham Uning marhamatidir.
20. O`zingizni bosa olmaslik odatingizni unuting. G`azabingizni nazorat qilishni o`rganing. «Jahlim chiqib turgandi-da» deb o`zingizni oqlashni o`ylamang. Yaxshisi, o`sha paytda hech nima qilmaslik va demaslikka odatlaning.
21. Lug`atingizni yomon so`zlardan tozalang. Birovni qarg`asangiz, so`ksangiz yoki haqoratlasangiz, endi siz avvalgidan yaxshiroq emas, yomonroq odamga aylangan bo`lasiz.
22. Odamlarni bir qarashda, tashqi ko`rinishiga qarab tezgina baholamang. Atrofimizdagi hech kim ochiq kitob emas. Ularga imkon bersangiz, har biri sizni qoyil qoldiradigan nimadir qilishi mumkin.
23. Atrofingizdagilarni o`zgartirishga urinmang. Aksar hollarda odamlarni o`zgartirish imkonsiz, shu sababli bu ishga qo`l urmaganingiz ma`qul. Yo siz ularni boricha qabul qilasiz, yo ulardan voz kechasiz.
24. O`z muhabbatingizni ko`rsatishga vaqt yo`q demang. Vafoni topish qiyin, ishonchni yo`qotish esa oson. Amallar so`zlardan ko`ra ko`proq va xo`broq so`zlaydi. Yaqinlaringizga ularni naqadar sevishingizni har kuni ayting va buni isbotlab boring.
25. Qiyin daqiqalaringizda yordamga kelmagan odamlarni qo`yib yuboring, o`z yo`llarida ketaverishsin. Agar kimdir siz haqingizda chindan ham qayg`urayotgan bo`lsa, o`zi uchun doim kurashishingizni talab qilmaydi, shunchaki yoningizda bo`ladi – tamom-vassalom. Faqat boshingizga ish tushganda odamlarning asl qiyofasini ko`rasiz, ushbu qiyofalarni unutib qo`ymang, saralang.
26. Yomon xayollardan xalos bo`ling. Hadeb ularni o`ylayversangiz, hech qachon baxtli bo`lmaysiz.
27. O`zingizni ayblashni bas qiling. O`zingizni seving, kechiring va boringizcha qabul qiling!
28. Birovga o`xshashga intilmang. Kimdir doim chiroyli, birov aqlli, birov esa yosh. Lekin ularning hech biri siz emas. Shugina sizni atrofdagilar uchun qiziq insonga aylantiradi.
28. Mayda-chuyda dilxiraliklarni unuting. Ular baribir hayotingizni izdan chiqara olmaydi. Shart shuki, bu mayda-chuydalarga to`g`ri munosabatda bo`lishingiz, ularni katta muammoga aylantirib yubormasligingiz kerak.
29. Boshqalar ham sizga o`xshashi kerak deb o`ylamang. Bunga hech kim majbur emas. Odamlar umuman bir-biriga o`xshamaydi. Biri xiyonat qilsa, boshqasi sadoqat ko`rsatadi. Ularni umumlashtirmang.
30. Hammasini boshdan boshlashga kech deb o`ylamang. Unutmang, o`zingizga kerak bo`lmagan cho`qqining eng yuqorisida bo`lgandan ko`ra, sizga kerak zinaning eng quyi pillapoyasida turgan ma`qul.
Va nihoyat, eski odatlardan voz kechib, yangilariga o`rganish hech qachon oson bo`lmaydi. Ammo siniq odatlar bilan yashab, bir kun kelib o`zingiz ham sinib qolganingizdan ko`ra, hozir egilib-bukilsangiz-da, shaxsingizni tarbiyalaganingiz ma`qul. Albatta, aynan biz aytgan yo`ldan yurishingiz shart emas, balki sizning o`z baxt «reseptingiz» bordir. Juda yaxshi-da, hoziroq unga amal qilishni boshlang. O`sing, o`zgaring!
ShAHINA tayyorladi