Tramp ma’muriyatini ijtimoiy ta’minot xarajatlarini qisqartirgani, davlat xizmatchilari sonini kamaytirgani hamda migratsiya siyosati uchun tanqid qildi va bu harakatlarni “vayronkor” deb atadi.
Bayden Oq uyni tark etganidan beri ilk nutqida Tramp ma’muriyatini tanqid qildi
AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden Oq uydan ketganidan beri ilk chiqishida Tramp ma’muriyatining ijtimoiy ta’minot siyosatiga tanqidiy munosabat bildirdi.
Bayden Chikagoda o‘tkazilgan anjumanda nutq so‘zlar ekan, hukumat ijtimoiy ta’minot tizimiga "bolta urganini" ta’kidladi. Donald Tramp va bugungi kunda Oq uyda budjet tejash islohotlarini boshqarayotgan Ilon Mask bu tizimni firibgarlikka botgan, deb baholamoqda.
Yangi ma’muriyat har yili 1,6 trillion dollar (1,2 trillion funt sterling) mablag‘ ajratadigan ijtimoiy ta’minot agentligi xodimlar sonini qisqartirishni maqsad qilgan.
Seshanba kungi chiqishida Bayden amaldagi prezident Tramp ismini tilga olmagan bo‘lsa-da, «yangi ma’muriyat 100 kundan kam vaqt ichida shunchalik ko‘p zarar va vayronagarchilikka sabab bo‘lgani, bularning shu qadar tez sodir bo‘lgani kishini hayratga soladi», dedi.
Bayden ushbu nutqini nogironlar huquqlari bo‘yicha tadbirda so‘zladi va o‘z nutqida Oq uyni tark etishi va 2024 yilgi prezident saylovlariga to‘xtalib o‘tmadi.
Ijtimoiy ta’minot agentligi (SSA) — AQSHda nafaqaga chiqqan yoki nogironligi sababli ishlay olmaydigan shaxslar uchun asosiy daromad manbasini ta’minlaydigan agentlik bo‘lib, 67 milliondan ortiq amerikaliklarni qamrab oladi. Ular orasida asosan katta yoshlilar bor.
Demokratik partiya vakillari ma’muriyatni ijtimoiy ta’minot tizimiga keng ko‘lamli qisqartirishlar kiritish niyatida ayblab kelmoqda.
Ilon Mask rahbarligidagi “Hukumat samaradorligi departamenti” - DOGE (Department of Government Efficiency) deb ataluvchi tuzilma fevral oyidan beri agentlikda qisqartirishlar amalga oshirmoqda. Departament 7000 ta ish o‘rnini — agentlik xodimlarining taxminan 10 foizini qisqartirishni rejalashtirgan. Ilon Mask ijtimoiy ta’minot tizimini “tarixdagi eng yirik piramida sxemasi” deb atagan.
Donald Tramp esa avvalroq ijtimoiy ta’minot imtiyozlarini umumiy tarzda qisqartirish emas, balki firibgarlikka oid da’volar va noqonuniy migrantlarga to‘lovlarni cheklash niyatida ekanini aytgan.
Seshanba kuni Tramp noqonuniy migrantlar va “boshqa noqonuniy shaxslar” ijtimoiy ta’minot mablag‘laridan foydalanishini taqiqlovchi farmonni imzoladi.
Baydenning Chikagodagi nutqidan avval Tramp matbuot kotibasi Karolin Levit shunday bayonot berdi:
“Prezident ijtimoiy ta’minotni qonuniy soliq to‘lovchi fuqarolar va keksalar uchun himoya qilishda mutlaqo qat’iy fikrda. U doimo bu dasturni himoya qiladi.”
Oq uydan ketganidan keyin sobii prezident Jo Bayden ommaviy axborot vositalaridan cheklangan tarzda foydalanib kelmoqda. Fevral oyida u 2017–2020 yillar davrida ham uni ifoda qilgan Los-Anjelesdagi Creative Artists Agency agentligi bilan shartnoma imzoladi.
Shuningdek, seshanba kuni sobiq prezident Barak Obama ham Tramp ma’muriyatini tanqid qildi. U X'dagi bayonotida hukumatning Garvard universitetiga ajratilgan 2 milliard dollardan ortiq federal mablag‘ni muzlatib qo‘yishini “noqonuniy va noprofessional” deb atadi.
Tramp Garvard universiteti kamsitishga qarshi kurashish maqsadida qabul, o‘quv dasturlari va xodim tanlash siyosatini o‘zgartirishdan bosh tortgani uchun ushbu mablag‘ni to‘sib qo‘ygan.
Ta’kidlash lozim, Barak Obama Oq uyni tark etganiga qariyb o‘n yil bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda amaldagi hukumat faoliyatini juda kam hollarda tanqid qilgan.
Abdulloh Sayyid