Istiqbolli loyihalar milliy agentligi iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov ustidan IIBBga ariza kiritdi. Bu haqda Bakirov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
“Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “TEMU” platformasining taqiqlanishiga munosabat tarzida yozilgan "Qonunsiz superregulyator" postida agentlikni obro‘sizlantirishga urinish bo‘lgan deb topib ustimdan IIBBga shikoyat kiritgan”, — deya yozadi iqtisodchi.
Shuningdek, Bakirov mazkur shikoyatni Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari V. Pak imzolaganligiga to‘xtalib, shikoyatga Agentlik ishonchli vakilining tushuntirish xati ilova qilinganini qo‘shimcha qilgan.
“Ariza hozirda poytaxt IIB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda. Kecha oqshom chaqiruv bo‘yicha tergovga dastlabki tushuntirishlarni yozma va og‘zaki tarzda taqdim etdim (ish bo‘yicha hujjatlardan nusxa hali berilmadi)”,— deydi u.
Ma’lumot uchun, Bakirov tomonidan yozilgan "Qonunsiz superregulyator" posti TEMU elektron savdo platformasi faoliyatini cheklash qarori e’lon qilingan kuni (2025 yil 4 mart) yozilgan.