«Baxtlilardan baxtli bo`lamiz!»

Mutolaa 15.12.2016, 11:02
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, Baxt, SUGDIYONA
«Baxtlilardan baxtli bo`lamiz!»

...Azizim, bilsangiz edi, ayni paytda qanchalik xursandligimni! Shodligimdan dunyolarga sig`may ketayapman! Siz menga va`da bergandingiz, baxtlilardan baxtli bo`lishga! Mana, bugun orzularimiz ushaldi! O`n to`rt yillik sabr mukofoti bu! Rahmat sizga! Borligingiz, ishonchingiz uchun!..

 

Sizni ilk bor viloyat markaziga ketayoganimda avtobusda uchratganman. O`shanda bozorga otlangandim. Uyda o`tiraverib zerikkandim-da. Siz esa hisobotlar topshirish uchun ketayogan ekansiz. Kayfiyatingiz yo`q, ko`zlaringizda charchoq. Men esa hali yonimdagi ayol bilan kelini haqida suhbatlashaman, hali telefonda dugonaman bilan gurung qilaman, xullas, bidir-bidir qilib tinmayotgandim. Hamon esimda, menga qarab «Buncha boshni og`ritdingiz, birpas jim o`tirsangiz bo`lmaydimi?» degandingiz. Bu gapdan jahlim chiqdi-ku-ya, ammo tilimni tishladim. Parvoyim palak bo`lib yana gapga tushdim. Xullas, avtobusdan tushayotganda ham menga qahrli nazar tashladingiz. Yo`llarimiz ayrildi. Mening esimdan avtobusdagi jahldor yigit chiqib ketdi ham. Ammo taqdir deganlari qiziq ekan-da...

Xolamning qizi turmushga chiqdi. Mendan uch yosh kichkina. To`yida elib-yugurib xizmat qildim, maza qilib raqsga tushdim. Bir payt kelinoyim «Aslida sizni uzatishimiz kerak edi», deb qoldi. Yuragimdan nimadir uzildi. Har safar kimningdir to`yi bo`lsa, shu gap. Mening baxtim ochilmayotgani to`rt qarindosh yig`ilgan joyda, albatta, muhokama qilinadi. Yoshimning yigirma sakkizga qarab ketayotgani hammani xavotirga solib qo`ygan. Ammo bulardan ne foyda? Baxt deganlari o`z qo`limda bo`lganida edi...

Asli yigirma ikki yoshimda unashtirilgandim. To`y taraddudlari boshlanib ketgan bir paytda quda ayollar bir parcha mato sabab hammasini to`xtatishdi. Nikoh kuni belgilangan, to`yga hamma aytilgan edi. Endi ahvolimni tasavvur qilavering. Ko`chaga chiqsam, hamma meni bigiz qilib ko`rsatadi, gap-so`zlar esa kun-kundan bolalardi. Ko`pchilik o`zicha nimalardir deyishar, bir qizning obro`si, nomusi, kelajagi hech kimning xayoliga kelmasdi. Eng dahshatlisi esa oradan ikki-uch yil o`tgach, ajrashgan, ayoli vafot etgan erkaklardan uyimizga sovchilar kela boshladi. Bundan mening boshim yanayam egilar, ota-onam esa taqdirimdan kuyinishardi.

Shunday kunlarning birida siz hayotimga kirib keldingiz! Oq otli shahzodam! To`g`ri, taqdirimiz muhabbat rishtalari bilan emas, sovchilarning sharofati bilan bog`landi. Uchrashuvga chiqib, bir-birimizni ko`rgach, hatto ikkilanib qoldik ham. Ammo baribir peshana deganlari bor gap ekan. Tug`ilganimizdanoq taqdirimizga bir-birimiz bitilgan ekanmiz. Avvaliga, hech bo`lmasa, gap-so`zlardan qulog`im tinchiydi deb rozilik berdim. Ota-onam ham «Yigit tomonni surishtirdik, yaxshi oila ekan. Kuyov bo`lmish ham o`qib, harbiy xizmatga borib, ishga joylashib olguncha uylanmay yurgan-da. «Toki o`zim nimadirga erishay, keyin oila quraman», derkan doim. Qara, qizim, boshingga baxt qushi qo`ndi», deyishdi. Xullasi kalom, juda tez fursatda to`yimiz bo`lib o`tdi. Uch kundan so`ng nikoh kuni tushgan suratimizning ostiga «Baxtlilardan baxtli bo`lamiz, Meni BAXTIYoR qilgan AZIZAM» degan satrlarni yozdirib, devorga osib qo`ydingiz. Buni ko`rib shunaqanggi ko`nglim ko`tarildi-ki… Tasavvur ham qilolmaysiz. Sizning qalbingiz chiroyli va nozik ekanligi, menga bo`lgan muhabbatingiz naqadar kuchliligi qalbimda mehr uyg`otdi. Ha, haqiqatan siz dunyodagi eng YaXShI INSONsiz!

To`g`ri, turmushimizning har kuni bayram bo`lgani yo`q. Sinovlar, qiyinchiliklar, gohida tushunmovchiliklar… Ammo biz, bizning muhabbatimiz bularga engilmadi! Men hammasiga ShUKR qilaman! Zero sinovlar bizni tobladi, bir-birimizni suyashni, hamdard bo`lishni, tushunishni o`rgatdi. Mayda tashvishlar baxtimizga soya sololmadi. Hatto bir gal ikki bolamni etaklab, ota uyimga ham ketib qoldim. Qarang, sabrsizligimni. Hammasi ovsinimning gapidan boshlandi. «Aziza, siz yuravering bolalaringizga o`ralashib. Eringiz ishxonasida bir ayolga ilakishib qolibdi. O`sha erda ishlaydigan dugonam bilan gaplashgandim, hammasini aytib berdi. U ayol beva ekan», deb qoldi. Alam qilib ketdi. O`zi shu paytlar kichigimiz sariq bo`lib qolgani tufayli ikki oy shifoxonada davolanib, endi uyga qaytgandik. Bunisi menga ortiqchalik qilardi. Jon achchig`ida narsalarimni yig`ishtirdim-da, qaynonamning hay-haylashiga qaramasdan bolalarni olib uyga ketdim. Nima gapligiga hayron onamga birinchi aytgan gapim «ajrashaman» bo`libdi. Siz esa hamma vaziyatdan xabar topib to`g`ri ota uyimga keldingiz. Oldiniga gaplashishni ham istamadim. Keyin qarorimni aytdim. O`shanda sizning birinchi marta jahlingiz chiqqani ko`rdim. Yuzimga tarsaki solish uchun qo`llaringizni ko`tardingiz-u, yana tushirdingiz.

— Sendan buni kutmagandim, Aziza… Nahot, menga — umr yo`ldoshingga ishonmasang… Nahot, ikki bola ko`zingga ko`rinmasa… Nima bo`lganda ham, o`z g`ururingni o`ylab, darrov uydan ketib qolishing, ajrashishga qaror qilishing, bu aqlga sig`maydi. Men senga, oilamga xiyonat qilmadim. Va hech qachon vijdonim bunga yo`l qo`ymaydi. Ammo… sen… ishonchimizga xiyonat qilmoqchi bo`lding… — dedingiz-da, bolalarni olib uyga ketdingiz. Biroz vaqtdan so`ng men ham izingizdan bordim.

Bu voqeadan so`ng ovsinim bilan oramizga sovuqchilik tushdi. O`zimiz uchun alohida uyga harakat qilayotgandik, ammo imkonimiz bo`lmayotgandi. Bir kuni hovlida ovsinimning katta o`g`li bilan kichigimiz tortishib qoldi. Umidbek kattaroq emasmi, o`g`limizni itarvorgan ekan, bolaginamning boshi toshga tegib, qonab ketdi. Jonim chiqib ketay dedi. Qaynonam bilan darrov «Tez yordam» chaqirdik. Boshidan oqayotgan qon to`xtab, o`g`lim o`ziga kelgach, Umidjonni urishib qo`ydim. Buni eshitgan ovsinim esa menga gapira ketdi:

— Eringiz sizga gul, bolalariga o`yinchoq tashiguncha, tezroq uylaringizni hal qilsin. Ana, hech bo`lmasa, ijaraga chiqib yashanglar. Shunda bizning ham qulog`imiz tinch bo`lardi… Bolalaringizning o`zi tarbiyasiz! Doim hamma narsaga meni farzandlarimni aybdor qilishlaringiz jonimga tegdi. Yo sizlar yashanglar bu uyda, yo men ketay?..

Bu voqeadan keyin qaynonamning qon bosimi oshib ketdi. U kishiga ham qiyin. Yolg`iz boshlari bilan bolalarni katta qildi, o`qitdi, endi esa aka-ukalar bir uyga sig`may qolsa…

Shu kuni ukangiz ham sizga gapirdi. Jigaringizdan bunday gaplarni kutmaganingiz uchun ko`zlaringiz yoshlanganini ham sezdim. Kechki payt xonaga kirdingiz-da, «Aziza, kel, yaxshisi, ijaraga chiqamiz. Shunda uy uchun qattiqroq harakat qilarmidik?» dedingiz. Shu bilan alohida chiqdik. Uy-joy qilguncha, qiynaldik, rosa ter to`kdik. Ammo bizni bir istak birlashtirib turgani uchun hammasini engib o`tdik. Men ham bolalarni bog`chaga berib ishga tushdim. Siz ham tinim bilmadingiz. Goho ijara haqini to`lashga pul topolmay qiynalib qolardik. Qiynalgan paytlarimizda doim «Hali hammasi yaxshi bo`ladi. Bolalarimiz kelajagi uchun bugun kimdandir kamroq kiysak ham, esak ham, mayli. Yaxshi kunlarimiz oldinda», deb meni yupatardingiz. Uch yil deganda, o`z uyimizga — makonimizga ega bo`ldik. Hovli to`y qilish tashvishlari bilan yurganimizda esa oyoq ostidan bu kutilmagan falokatning chiqishi, yorug` olamimizni zulmatga aylantirib yubordi.

Og`ayningiz bilan bozorga ketgandingiz. Bir chiroyli osh qilishimni tayinladingiz darvozadan chiqa turib. Men esa uyda parda ilish bilan ovora edim. Telefon jiringladi. Hayron bo`ldim, uy telefonimizni kim bilar ekan deb. Olsam, o`rtog`ingiz. Ovozida hadik. «Kelin, tez markazdagi shifoxonaga etib keling. Baxtiyor avtohalokatga uchradi». Bu shumxabardan oyog`imning uchigacha muzlab ketdim. Nima bo`lganini anglolmasdim. Darrov bir kosa osh suzdim. Borib sizga ediraman deb. Jon holatda shifoxonaga etib bordim. Ammo sizning ahvolingiz men o`ylagandan og`ir ekan. Jonlantirish bo`limida hushsiz yotardingiz. Sizni qayta-qayta uch marta operasiya qilishdi. Hatto menga tilxat ham yozdirib olishdi. Shifokorlar «Hammasi Xudodan. Jarohatlar og`ir», deyishar, bir burchakda qaynonam yig`lab o`tirar, bolalarim «Dadamga boraman», deb xarxasha qilishardi. Men esa ko`z yoshlarimni ichimga yutib, o`zimni qo`lga olishga, siz doim aytgandek kuchli bo`lishga harakat qilardim. Zora mening kuchimdan, mehrimdan kuch olsangiz-u, ko`zlaringizni ochsangiz…

Umrimizning to`rt oyi shifoxonada o`tdi. Sizning hamma joyingizga qanaqadir simlar ulangan, doim nazoratdasiz… Men bolalarni qaynonamga berib, yoningizdaman. Xonada hech kim yo`q paytlari qo`llaringizni ushlab, duolar qilaman, sizga o`zimcha nimalarnidir gapiraman… Kutgan kunlarimiz shunday kutilmagan tarzda o`tardi. Xudoga shukr, hammasi yaxshilik bilan tugadi. Siz yangi, o`z uyimizga qaytdingiz. Uyga olib kelganimizda ko`zlaringizdan tirqirab yoshlar chiqdi. «Dadajon», deya bag`ringizga otilgan farzandlarimizni dast ko`tarib qucholmadingiz, boshlarini silab qo`ydingiz, xolos. Men esa joningiz omonligi uchun shukronalar aytdim.

…Mana, to`rt yil deganda sekin-sekin qadamlar tashlayapsiz. Sizni suyab hovliga olib chiqaman. To`g`ri, ba`zan oylab shifoxonada yotganingiz asablaringizga ta`sir qilganidan, to`shakka mixlanib qolganingizdan jahlingiz chiqar, arzimas narsalardan asabiylashib ketasiz. Lekin hammasiga chidashga harakat qilayapman. Devorga osig`liq suratga, undagi satrlarga qarab ko`nglim taskin topadi. O`zimga-o`zim doim «Biz baxtlilardan baxtli bo`lamiz», deya pichirlayman. Aslida hozir ham juda BAXTlimiz!

Shoira ShAGIAHMEDOVA qog`ozga tushirdi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1