AsosiyJinoyat

O‘zbekistonda ushlangan Tojikistonning sobiq hokimi qamaldi

Ma’lum qilinishicha, u pora va firibgarlikda aybdor deb topilib, 12 yilga qamalgan.

'O‘zbekistonda ushlangan Tojikistonning sobiq hokimi qamaldi'ning rasmi

Tojikistonning So‘g‘d viloyatiga qarashli Konibodom shahrining sobiq hokimi Abdusalom To‘xtasunzoda pora olish va firibgarlik ayblovlari bilan 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Asia-Plus” axborot manbasi xabar berdi.

Joriy yilning 30 aprel kuni Konibodom shahar sudi To‘xtasunzodani Tojikiston Jinoyat kodeksining 319-moddasi (pora olish) va 247-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha aybdor deb topgan. Sud yopiq eshiklar ortida o‘tgan bo‘lib, hukm hali qonuniy kuchga kirmagan. Shu sababli sud tafsilotlari ommaga oshkor etilmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 50 yoshli To‘xtasunzoda 2020-yilda Prezident farmoni bilan Konibodom hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan va keyinchalik shahar hokimi lavozimiga rasman tasdiqlangan. U 2024 yilning yanvar oyigacha bu lavozimda faoliyat yuritgan.

To‘xtasunzoda joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda qo‘lga olinib, Tojikistonga topshirilgan edi.

Sobiq hokim bilan birga Konibodomdagi yana bir necha yuqori lavozimli amaldorlar ham hibsga olingan. Ularning aynan qanday ayblovlar bilan qo‘lga olingani hozircha noma’lum.

Rasmiylar bu borada izoh bermagan bo‘lsa-da, ular 2023–2024 yillarda Konibodomda sodir bo‘lgan sirli va shov-shuvli qotilliklarni tergov qilayotgan maxsus guruh tashrifidan so‘ng hibsga olingani aytilmoqda. Mazkur jinoyatlar natijasida yetti oila a’zosi bo‘lgan 23 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Tojikiston Bosh prokuraturasi 2024 yil 21-dekabr kuni jinoyatlarni fosh qilganini va to‘rt nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi.

    Boshqa yangiliklar