Turkish Airlines aviakompaniyasi samolyot to‘liq to‘xtaguniga va “xavfsizlik kamarlarini taqing” belgisi o‘chmaguniga qadar o‘rnidan turgan yo‘lovchilarga jarima solish amaliyotini joriy etmoqda. Bu haqda Turkiya Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi tomonidan chiqarilgan ko‘rsatmada ma’lum qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi xatti-harakatlar aviatsiya qoidalarini buzish sifatida baholanadi. Bundan tashqari, qo‘nish paytida bort xodimlarining ko‘rsatmalariga rioya qilmaslik, ekipaj ruxsatisiz yuqori bagaj polkalarini ochish ham qoidabuzarlik hisoblanadi.
Turkish Airlines vakillarining tushuntirishicha, bu chora nafaqat tartibni saqlash, balki havo kemasining kutilmagan harakati yoki yukning tushib ketishi orqali yuzaga keladigan jarohatlarning oldini olish maqsadini ham ko‘zlaydi.
Bort xodimlari har bir reysda qo‘nishdan oldin ushbu yangi tartib haqida yo‘lovchilarni albatta ogohlantirishi shart. Hozircha jarima miqdori haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Abdulloh Sayyid