Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov boshchiligidagi mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning Kobulga safari doirasida O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes-forumi va "V2V" shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Forumning ochilish marosimida Afg‘oniston sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Ahmadulloh Zohid so‘zga chiqib, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha amalga oshirayotgan tashqi siyosati, hamkorligi va xalqaro maydonda afg‘on xalqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borayotgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi. U, shuningdek, "Termiz xalqaro savdo markazi", Kobul va Mozori-Sharif shaharlarida "O‘zbekiston savdo uy"lari ochilganini e’tirof etgan holda, mazkur tarmoqlar imkoniyatlaridan ikki mamlakat biznes vakillari unumli foydalanishlari muhimligini ta’kidladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov o‘z navbatida mamlakatlarimiz hukumatlari say-harakatlari tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada oshganini urg‘uladi.
Afg‘oniston savdo va investitsiyalar palatasi raisi Muhammad Yunus Momand O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning faol rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlab, afg‘on tadbirkorlariga yaratilayotgan imtiyozlar uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Rasmiy tadbirdan so‘ng 96 nafar o‘zbekistonlik va 110 nafar afg‘on tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum va "B2V" uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqot chog‘ida oziq-ovqat, elektrotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ikki davlat ishbilarmonlari va kompaniyalari o‘rtasida umumiy qiymati 45 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 16 ta bitim imzolandi.