AsosiyJINOYAT

Toshkentda kannabis yetishtirgan, Xorazmga esa opiy olib ketayotgan shaxslar ushlandi

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Toshkentda kannabis yetishtirgan, Xorazmga esa opiy olib ketayotgan shaxslar ushlandi'ning rasmi

Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog'liq ikki holat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida uy sharoitida gidroponika usulida giyohvandlik o'simliklari yetishtirib, ularni internet orqali sotish bilan shug'ullanib kelgan shaxs faoliyatiga chek qo'yilgan.

Xususan, 1996 yilda Toshkent shahrida tug'ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning Mirzo Ulug'bek tumanidagi ko'p qavatli uylardan birida joylashgan vaqtinchalik yashash xonadoni ko'zdan kechirilgan. Tekshiruv davomida plastik idishda saqlanayotgan giyohvandlik vositasi, 300 dona zip-paket, izolenta va elektron tarozi topilgan.

Dastlabki surishtiruvlarda mazkur shaxs Toshkent tumanida joylashgan, onasiga tegishli xonadonda giyohvandlik o'simliklari yetishtirib kelayotgani aniqlangan.

Ushbu manzil ko'zdan kechirilganda 10 tup kannabis o'simligi, bir tup quritilgan giyohvandlik vositasi, shuningdek, ularni parvarishlashda foydalanilgan kimyoviy vositalar hamda elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Yana bir holatda esa "Samarqand — Xorazm" yo'nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomobil Tuproqqal'a tumani hududida to'xtatilib, tekshirilgan.

Natijada avtomobilda yo'lovchi sifatida ketayotgan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi 2003 yilda tug'ilgan shaxsga tegishli 810 gramm opiy moddasi borligi ma'lum bo'lgan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu giyohvandlik vositasi qo'shni davlatdan kontrabanda yo'li bilan olib kirilgani va uni Xorazm viloyatida sotish rejalashtirilgani aniqlangan.

Hozirda mazkur shaxsning ehtimoliy jinoiy sheriklarini aniqlash choralari ko'rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar