AsosiyJinoyat

Haj va Umra safarlarini noqonuniy tashkil qilgan firibgarlar qo‘lga olindi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Haj va Umra safarlarini noqonuniy tashkil qilgan firibgarlar qo‘lga olindi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Haj va Umra safarlarini noqonuniy yo‘l bilan uyushtirmoqchi bo‘lgan shaxslar va turistik firmalar vakillari qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati "Darakchi.uz" ga ma’lum qildi.

Toshkent

Poytaxtda faoliyat yurituvchi turistik firmalardan birining 4 nafar xodimi 3 nafar fuqaro uchun ishchi vizasi asosida Haj safarini tashkil qilish evaziga har biridan 7 ming dollar, yana 1 kishidan esa sayyohlik vizasi orqali yuborish uchun 5 ming dollar talab qilgan. Ulardan jami 20 ming dollarni oldindan olgan paytda ushlandi.

Farg‘ona

Marg‘ilonda faoliyat yurituvchi turfirma vakili 2 nafar fuqaro uchun Umra safarini 2400 dollarga, 3 nafar fuqaro uchun Haj safarini 15 ming dollarga tashkil qilishni va’da qilgan. U pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Namangan

Viloyat markazida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on e’lonlar berib, 3 nafar fuqaroning ishonchiga kirgan. Har biridan 4 900 dollardan olib, jami 14 700 dollar undirib olgan vaqtda ushlangan.

Chust tumanida esa turfirma rahbari Umra safariga tegishli litsenziyasi bo‘lmasa-da, 3 nafar fuqaroni yuborish evaziga 4050 dollar talab qilgan. U 4 ming dollar olayotganida qo‘lga tushgan.

Yana bir holat

Toshkentda yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs 5 nafar fuqaroni Haj vizasi asosida yuborish evaziga 27 ming dollar so‘ragan. Ulardan 13 500 dollarini oldindan olib, ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar