O‘zbekiston vakolatli organlari bilan kelishilgan holda jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar va yuk ko‘tarish quvvati 3,5 tonnagacha bo‘lgan avtotransport vositalari uchun “Tajen” nazorat-o‘tkazish punkti orqali harakatlanish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Qozog‘iston Davlat bojxona qo‘mitasiga tayanib “Kazinform” xabar berdi.
Qaror o‘tkazish punktida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.
Hozirda hududda keng ko‘lamli ishlar: metall konstruksiyalarni o‘rnatish, muhandislik tarmoqlarini yotqizish, binolarni kapital ta’mirlash olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, may—avgust oylarida “Tajen” (Qozog‘iston) va “Dovut ota” (O‘zbekiston) punktlari o‘rtasidagi neytral polosada avtomobil yo‘li yotqiziladi. Xuddi shunday ishlar O‘zbekiston tomonidan ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari davom etayotgani munosabati bilan Qozog‘iston O‘zbekiston tomoniga rasman murojaat qilib, chegarani kesib o‘tishga qo‘yilgan cheklovni yana 4 oyga — 2025 yil 1 sentyabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston buni qo‘llab-quvvatlagan.
Fuqarolardan sayohat va yo‘nalishlarni rejalashtirishda ushbu ma’lumotlarni inobatga olishlarini so‘raymiz, deyiladi xabarda.
“Tajen”—“Dovut ota” o‘tkazish punktlari orqali yengil avtotransport, avtobuslar va 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk transportining kesishishi va o‘tishi 2025 yil 1 fevraldan postni rekonstruksiya qilish davrida vaqtincha to‘xtatilgandi.