“2025–2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-186-son, 19.05.2025 y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2025 yil 1 iyulgacha “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarni ro‘yxatga olish, tashxislash, davolash, dispanser kuzatuvi hamda yo‘naltirish jarayonlarini o‘z ichiga olgan bemorlarning raqamlashtirilgan marshruti joriy etiladi.
Bunda shifokor qabuliga masofadan yozilish hamda onlayn konsultatsiyalar o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
2025 yil yakunigacha Strategiyani joriy etish loyihasini amalga oshirish doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi.
Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar saratoni bo‘yicha xalqaro akademik xab (Akademik xab) tashkil etiladi.
Akademik xab ilmiy-ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda unga quyidagi asosiy vazifalar yuklatiladi, jumladan:
- xalqaro sertifikatlashtirish va uzluksiz tibbiy ta’lim tizimi bo‘yicha ballar to‘plash standartlariga mos keladigan xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish;
- strategik rejalashtirish va profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun bolalar saratoni bilan kasallanishning epidemiologik tendensiyalarini tahlil qilish va prognozlash.