Bugun Lyublyanadagi Kongress maydonida Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarini Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar samimiy kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saflandi. Harbiy orkestr O‘zbekiston va Sloveniya davlat madhiyalarini ijro etdi.
Ikki mamlakat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan salomlashdilar.
Rasmiy marosimdan so‘ng "Zvezda" bog‘ida urush qurbonlari xotirasiga hurmat hamda tinchlik va insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ramzi sifatida Barcha urushlar qurbonlari yodgorligiga gul qo‘yildi.