O‘zbekistonning bir qator hududlarida fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan “Haj” ziyoratiga yuborishga uringan firibgarlarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida quyidagi holatlar aniqlandi:
Andijon: So‘ngan firma nomidan 50 ming dollar olgan shaxs qo‘lga tushdi
1966 yilda tug‘ilgan, avval bir necha marta sudlangan andijonlik shaxs, faoliyati to‘xtagan turistik firma nomidan 10 nafar fuqaroni “Haj”ga yuborishni va’da qilgan. Evaziga har biridan 5 ming dollardan — jami 50 ming dollar olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qarshi: “Haj” orqali $14 ming talab qilgan tadbirkor fosh bo‘ldi
Qarshi shahrida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 1985 yilda tug‘ilgan shaxs, bir fuqaro va uning qarindoshini tanishlari orqali ziyoratga yuborishni va’da qilgan. Evaziga 14 ming dollar olgan paytda ushlangan.
Namangan: Turizm menejeri 20 dollar ming talab qilib, $10 ming olgan
Namangandagi turistik firmalardan birining xodimi Saudiya Arabistoniga 2 nafar fuqaroni yuborish evaziga 20 ming dollar talab qilgan. Ulkan mablag‘ning 10 ming dollarini olgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Toshkentdagi firma xodimi Qo‘qonda 9 dollar ming bilan ushlandi
Toshkentda ishlovchi turistik firma vakili Farg‘onaning Toshloq tumanidan bo‘lgan fuqaroni “Haj” ziyoratiga yuborishni va’da qilib, Qo‘qon shahrida 9 ming dollar olgan. Uning noqonuniy harakatlariga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar chek qo‘ygan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Haj ziyorati — muqaddas ibodat. Buni savdoga aylantirish — nafaqat qonun, balki insof va vijdonga ham zid.