AsosiyJinoyat

Noqonuniy yer savdosi: 500 ming dollarlik qonunbuzarlik fosh etildi

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Noqonuniy yer savdosi: 500 ming dollarlik qonunbuzarlik fosh etildi'ning rasmi

O‘zbekistonning bir qator hududlarida yer uchastkalarini noqonuniy sotishga uringan shaxslar DXX va tegishli idoralar hamkorligidagi tezkor tadbirlar natijasida ushlandi. Ular talab qilgan mablag‘lar umumiy hisobda 500 ming AQSH dollaridan oshgan.

Xorazmda bog‘dorchilik yo‘nalishidagi MCHJ rahbari 19,9 gektar yerni “30 gektar” deb ko‘rsatib, rasmiylashtirish va ko‘p qavatli uy qurish uchun ruxsat olib berish evaziga 180 ming dollar talab qilgan. U pulni olgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Farg‘onada Kadastr agentligining Qo‘qon shahri bo‘limi yetakchi inspektori fermer xo‘jaligi yer olishi va issiqxona qurilishi uchun 150 ming dollar so‘ragan. U ham pulni qabul qilgan vaqtda ushlangan.

Toshkent viloyati Angren shahrida yashovchi, sudlangan shaxs 2 gektardan ortiq yerni 100 ming dollarga sotishni va rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha 21 ming dollar talab qilgan. U 121 ming dollarni olganida ushlangan.

Surxondaryo viloyatida “To‘palang-Qoratog‘” irrigatsiya tizimi xodimi 32 sotix muhofaza yer maydonini shaxsiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish uchun 70 ming dollar va 39 mln so‘m olgan. U ham jinoiy harakati paytida ushlangan.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar