AsosiySport

O‘zbekiston bilan o‘yindan keyin 2 nafar BAA o‘yinchisi jamoadan haydaldi

Ularning har biriga 500 ming dirham (taxminan 136 ming AQSH dollari) miqdorida jarima solingan.

'O‘zbekiston bilan o‘yindan keyin 2 nafar BAA o‘yinchisi jamoadan haydaldi'ning rasmi

Birlashgan Arab Amirliklari futbol assotsiatsiyasi ikki futbolchini terma jamoa safidan chetlatdi va ularning har biriga 500 ming dirham (taxminan 136 ming AQSH dollari) miqdorida jarima soldi. Bu haqda kecha, 8 iyun kuni BAA futbol assotsiatsiyasi rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 21 yoshli Sulton Odil (“Shabab Al-Ahli”) va 28 yoshli Xolid Ibrohim (“Sharja”) terma jamoaning mashg‘ulot yig‘ini vaqtida nomaqbul xatti-harakat sodir etgani uchun jazoga tortilgan. Ular, shuningdek, milliy musobaqalardan besh o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan.

“BAA futbol assotsiatsiyasi intizom qo‘mitasi “Sharja” jamoasi futbolchisi Xolid Ibrohimni va “Shabab Al-Ahli” jamoasi futbolchisi Sulton Odilni mahalliy musobaqalardan besh o‘yinga chetlatish hamda har biriga 500 ming dirham miqdorida jarima solish qarorini qabul qildi”, deyiladi bayonotda.

Futbolchilarning aniq qanday qoidalarni buzgani oshkor etilmagan.

Ma’lumot uchun, BAA terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichida o‘z guruhida dastlabki ikki o‘rindan joy ololmadi va endi to‘rtinchi bosqichda qatnashadi. Ular joriy yilning 5 iyun kuni Abu-Dabida O‘zbekiston MTJga qarshi durang natijani qayt etdi va shu tariqa ushbu guruhdan Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani O‘zbekiston va Eron terma jamoalari qo‘lga kiritdi.

BAA terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini ertaga, 10 iyun kuni Bishkekda Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazadi.

    Boshqa yangiliklar